Yaqinda davlatimiz rahbarining “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur qarorga binoan IIV akademiyasining tajribali professor-o‘qituvchilaridan iborat ishchi guruh tomonidan Buxoro viloyatida o‘rganishlar olib borilmoqda.
Qarorda nazarda tutilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida viloyat hokimi B. Zaripov, Milliy gvardiya qo‘mondoni R. Jo‘rayev, IIV akademiyasi boshlig‘i R. Xatamov, shuningdek, sektorlar, manfaatdor idora va tashkilotlar mutasaddilari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, Prezidentimiz qarorining mazmun-mohiyati yetkazildi.
Shuningdek viloyatning barcha tuman va shaharlarida hududiy sektor boshliqlari va kriminogen vaziyati murakkab mahallalarning “mahalla yettiligi” a’zolari bilan birgalikda sayyor uchrashuvlar tashkil qilindi. Unda hududlardagi ahvol tanqidiy-tahliliy ruhda muhokama qilinib, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish chora-tadbirlarini samarali tashkil etish yuzasidan fikr almashildi.
Aytish joizki, davlatimiz rahbari qarorida mahallalarning kriminogen vaziyatini ilmiy-amaliy jihatdan o‘rganish, hududlar bo‘yicha metodikalar yaratish, jinoyatchilikni jilovlashning ilg‘or yondashuvlarini amaliyotga tatbiq etish ustuvor vazifa etib belgilangan.
O‘tgan davr mobaynida IIV akademiyasi ishchi guruhi tomonidan “qizil”, “sariq” toifalarga kiritilgan 29 ta mahalla o‘rganildi. Huquqbuzarliklarning asl omillarini tahlil qilish asnosida 96 ta “jinoyat o‘chog‘i” aniqlandi. Mahallalarda kriminogen vaziyatni yaxshilashga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqilib, kelgusidagi vazifalar belgilab olindi. Shu bilan birga, Buxoro viloyati misolida o‘g‘irlik jinoyatining barvaqt oldini olish bo‘yicha hudud metodikasini yaratish ishlari boshlab yuborildi.
Ayni kunlarda o‘rganishlar izchil davom ettirilmoqda. Faoliyatning yangicha tizimda, kompleks tarzda tashkil qilinayotgani ko‘zlangan natijani ko‘rsatadi albatta.
IIV akademiyasi Axborot xizmati