Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

HAMKORLIKNING DOLZARB MASALALARI MUHOKAMA QILINDI

10 Avgust 2023, 09:08

842

10-avgust kuni IIV Akademiyasi hamda Turkiya Jandarmeriya va sohil xavfsizligi akademiyasi o‘rtasida videomuloqot tarzida uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuvda ikki tomonlama aloqalarning bugungi holati, manfaatli hamkorlikni kengaytirish va yangi bosqichga olib chiqish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Ta’lim muassasalari rahbarlari Rustam Xatamov va Nuh Ko‘ro‘g‘li bir-birlarini qutlar ekan, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar zamonaviy taraqqiyotning strategik yo‘nalishlari qatori, ta’lim sohasida ham barqaror rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan e’tirof etdilar.

Samimiy muloqot ruhida o‘tgan yig‘ilishda tomonlar manfaatiga xizmat qiladigan bir qator yo‘nalishlar muhokama qilindi. Xususan, o‘zbekistonlik ta’lim oluvchilarni Turkiya Jandarmeriya va sohil xavfsizligi akademiyasining bakalavriat yo‘nalishida o‘qitish, jamoat xavfsizligini ta’minlash, kiberxavfsizlik, terrorizmga qarshi kurashish, oilaviy zo‘ravonliklarning oldini olish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish, boshqaruv kadrlarini tayyorlashda o‘zaro tajriba almashish, shuningdek ilmiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda huquqni muhofaza qilish faoliyatiga oid dolzarb mavzularda ilmiy-amaliy anjumanlar o‘tkazish borasida takliflar bildirildi.  

Tomonlar ta’lim sohasini rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirib, hamkorlik memorandumi doirasida bo‘lajak qo‘shma tadbirlar rejasini ishlab chiqish va jadal sur’atda amalga oshirishga kelishib oldilar.

Uchrashuvda Turkiya Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasi maslahatchisi Mustafo Avchi ham onlayn formatda ishtirok etdi.

 

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech