IIV Akademiyasiga Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Ali Riza Tezjan tashrif buyurdi. Uchrashuv chog‘ida hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Muloqot avvalida Akademiya rahbari martabali mehmonni Turkiya Respublikasining Jumhuriyat bayrami bilan samimiy qutladi.
– Xalqlarimizni azaliy do‘stlik, o‘xshash til va madaniyat, mustahkam qardoshlik rishtalari bog‘lab turadi. Ayniqsa so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Turkiya munosabatlari tarixida mutlaqo yangi davr boshlandi. O‘zaro hamkorlik aloqalari bugun barcha sohalarda barqaror va jadal sur’atlarda rivojlanib bormoqda. Biz ikki davlatning bu boradagi faol tashabbus va intilishlarini yuksak darajada qadrlaymiz, – dedi Rustam Xatamov.
Uchrashuvda Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligining mamlakatimizdagi faoliyati e’tirof etildi. O‘tgan yillar mobaynida turkiyalik hamkorlarimiz bilan birgalikda ta’lim, sog‘likni saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, turizm va ijtimoiy ahamiyatga molik boshqa sohalarda istiqbolli dastur hamda loyihalar amalga oshirilgani, o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish muhim ahamiyat kasb etayotgani alohida ta’kidlandi.
– Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar tobora mustahkamlanib bormoqda, – dedi Ali Riza Tezjan. – Hamkorlik aloqalarining bugungi tendensiyasiga ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va qat’iy qadamlari tufayli erishilganini e’tirof etishni istardim. Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi O‘zbekiston bilan munosabatlarini bundan keyin ham faol rivojlantirib boradi. O‘ylaymanki, bu xalqlarimiz tinchligi va farovonligiga xizmat qiladi.
Samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda manfaatli aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish, xususan, o‘zaro tajriba almashinuvini kengaytirish, Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligining ko‘magi asosida ta’lim infratuzilmasini rivojlantirish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar o‘zaro hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini mamnuniyat bilan bildirdilar.
Tashrif yakunida Ali Riza Tezjan Akademiyadagi yangilanishlarni ko‘zdan kechirib, ilm-fan, ta’lim, xalqaro hamkorlik va kadrlar tayyorlash samaradorligini oshirishga qaratilgan boshqa muhim yo‘nalishlar faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Ta’lim jarayoniga tatbiq qilingan ilg‘or yondashuvlarga yuqori baho berdi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati