Ichki ishlar vazirligi akademiyasi va Xitoy Xalq Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti o‘rtasidagi aloqalar izchil rivojlanmoqda.
O‘zaro hamkorlik memorandumi doirasida navbatdagi o‘quv kursi tashkil qilindi. Tadbirning ochilish marosimida akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov, xitoylik professor-o‘qituvchilar va talabalar ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlar, ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holatida erishilayotgan salmoqli natijalar, ko‘plab sohalar qatori ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar e’tirof etildi. Akademiya rahbari hozirgi global sharoitda zamonaviy xavf-xatarlar ko‘lami tobora kengayib borayotganini qayd etib, hamkorlik memorandumi muhim yo‘nalishlarda tajriba almashish imkonini berayotganini alohida ta’kidladi.
Shuningdek, o‘quv kursining ochilish marosimida Xitoy Jamoat xavfsizligi universitetining Xalqaro politsiya tadqiqotlari fakulteti rahbari o‘rinbosari, professor Du Vang so‘zga chiqdi.
“Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stona aloqalar ikki tomonlama munosabatlarimiz rivojida muhim ahamiyat kasb etmoqda. O‘tgan davr mobaynida ta’lim muassasalarimiz tomonidan dolzarb yo‘nalishlarga qaratilgan qo‘shma dasturlar amalga oshirildi. Muhimi, bu ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘ldi, deb o‘ylanman. Biz hamkorligimizning yanada ravnaq topib, yangi bosqichga chiqishidan xursandmiz. O‘ylanmanki, ikki haftalik o‘quv kursi kadrlar tayyorlash borasida O‘zbekiston tajribasining eng ilg‘or jihatlarini o‘rganish imkonini beradi”, - dedi delegatsiya rahbari Du Vang.
Tadbirdan so‘ng universitet vakillari dars mashg‘ulotida qatnashib, kunning ikkinchi yarmida akademiya faoliyati bilan tanishdilar. Ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan innovatsion yondashuvlar, bakalavriat va magistratura tizimining o‘ziga xos xususiyatlari, kursantlar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar, ayniqsa yoshlarning vatanparvarlik ruhini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
O‘quv kursi 28-oktyabr kuniga qadar davom etadi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati