Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

20 Yanvar 2024, 06:01

766

18-yanvar kuni Qatar Davlati poytaxti Dohada Xalqaro politsiya akademiyalari assotsiatsiyasi (INTERPA) Ijroiya kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Ichki ishlar vazirligi akademiyasi vakillari ham qatnashdi.

Yig‘ilishni Ijroiya kengash raisi, Turkiya milliy politsiya akademiyasi prezidenti Yilmaz Cholak olib bordi. Kengashga a’zo ta’lim muassasalari rahbarlari kun tartibidagi asosiy masalalar bilan birga, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik global muammolar yuzasidan fikr almashdilar.

Muloqot formatida o‘tgan yig‘ilishda amalga oshirilgan ishlar ta’kidlanib, kelgusidagi rejalar muhokama qilindi. INTERPA doirasida o‘tkazilishi nazarda tutilgan anjumanlar yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilab olindi. Yig‘ilish ishtirokchilari INTERPAning XII konferensiyasiga bag‘ishlab chop etilgan kitob taqdimoti bilan tanishdilar.

Yig‘ilishda Ichki ishlar vazirligi akademiyasi boshlig‘i Rustam Xatamov ham so‘z olib, hamkorlik fonida ta’lim integratsiyasini kuchaytirish muhimligini ta’kidladi. Bu boradagi ishlarning amaliy ifodasi sifatida joriy yil iyul oyida Akademiyada tashkil etilishi rejalashtirilgan kriminalistika o‘quv kursi haqida ma’lumot berildi. Xorijiy ta’lim muassasalari rahbarlari e’tiboriga mazkur o‘quv kursi bo‘yicha tayyorlangan videotaqdimot hamda Akademiya faoliyatiga oid videorolik havola qilindi. Ijroiya kengash a’zolari tomonidan IIV Akademiyasida ichki ishlar organlari uchun kadrlar tayyorlash jarayoniga tatbiq qilingan zamonaviy yondashuvlarga yuqori baho berildi.

Yig‘ilish yakunida Yilmaz Cholak jahondagi geosiyosiy jarayonlar murakkablashib borayotgan bir sharoitda hamkorlik muhitini mustahkamlash, aloqalarni barqaror rivojlantirish zarur ahamiyat kasb etayotganini ta’kidlab, taklif va tashabbuslarini ilgari surdi.

Yig‘ilish doirasida Ijroiya kengash a’zolari Qatar politsiya akademiyasida o‘tkazilgan tantanali bitiruv marosimida ishtirok etdilar. Shuningdek, ta’lim muassasalari rahbarlari o‘rtasida qator manfaatli uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Xususan, IIV Akademiyasi boshlig‘i Rustam Xatamov Qatar politsiya akademiyasi rahbari Abdurahmon Majid al-Sulaiti bilan uchrashdi. Muloqotda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar tobora mustahkamlanib borayotgani e’tirof etildi. Tomonlar ta’lim sohasida hamkorlik va tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidlab, anglashuv memorandumini imzolashga kelishib oldilar.

Delegatsiyamizning Turkiya, Saudiya Arabistoni, Shimoliy Makedoniya, Moʻgʻuliston va Maldiv Respublikasi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan muloqotlari chog‘ida hamkorlikning muhim yo‘nalishlari yuzasidan qizg‘in fikr almashildi. Bundan tashqari, vakillarimiz Doha shahridagi politsiya departamenti faoliyati bilan tanishdilar. 

 

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech