Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

07 Noyabr 2023, 08:11

730

IIV Akademiyasida Germaniyaning Fridrix Ebert jamg‘armasi mintaqaviy direktori Filipp Yan boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqot chog‘ida tomonlar amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

O‘quv muassasasi rahbari Rustam Xatamov O‘zbekiston – Germaniya munosabatlarida o‘zaro hurmat va ishonch, manfaatlarni hisobga olish tamoyillari ustuvor ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi.

Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi aloqalar ko‘plab sohalarda izchil rivojlandi. Tomonlar BMT, YEXHT, Yevropa Ittifoqi va boshqa tuzilmalar doirasida global hamda mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar bo‘yicha samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Bugungi kunda O‘zbekistonda Germaniyaning bir qator tashkilotlari faol ish olib bormoqda va o‘zaro hamkorlikda istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Muhimi, ikki mamlakat o‘rtasidagi mustahkam aloqalar xalqaro maydonda ham munosib e’tirof etilmoqda.

Filipp Yan hamkorlik aloqalarining yangi bosqichga ko‘tarilgani va tobora jadallashib borayotganidan mamnunligini bildirdi. Bugungi geosiyosiy jarayonlar sharoitida aloqalarni yanada faollashtirish muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi. Shu bilan birga, jamg‘armaning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Bahrom Rajabov xalqaro tashkilot faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, maqsad va vazifalari haqida to‘xtalib, hamkorlikni yo‘lga qo‘yish har ikki tomon manfaatlariga xizmat qilishini aytib o‘tdi.

Uchrashuvda ta’lim sohasidagi samarali hamkorlik masalalari muhokama qilindi. IIV Akademiyasi tomonidan global xavf-xatar va tahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish, professor-o‘qituvchilar uchun dolzarb mavzularda o‘quv kurslari tashkil qilish, inson huquqlari sohasidagi ta’limni rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot faoliyati bo‘yicha amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida takliflar bildirildi. Tomonlar uchrashuv yakunlari bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishga kelishib oldilar.

Shu kuni Filipp Yan ta’lim muassasasining zamonaviy imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun kadrlar tayyorlash jarayonlari, xalqaro va milliy tajribaga asoslangan ilg‘or yondashuvlar, Akademiya infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan istiqbolli loyihalar germaniyalik mutaxassisda ijobiy taassurot qoldirdi.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati 

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech