Davlatimiz rahbarining kriminogen vaziyati beqaror mahallalarda jinoyatchilikning sabab va shart-sharoitlarini o‘rganish borasidagi topshirig‘i asosida manzilli ishlar amalga oshirilmoqda.
IIV Akademiyasi professor-o‘qituvchilaridan iborat ishchi guruh Namangan shahridagi “Guliston” mahallasining kriminogen holatini o‘rgandi. Ma’lum bo‘lishicha, o‘tgan yili mahallada 20 ta jinoyat qayd etilib, hudud “qizil” toifaga kiritilgan. Jinoyat turlari orasida o‘g‘irlik, bezorilik, qasddan badanga shikast yetkazish kabilar oshgan.
Ishchi guruh tomonidan mavjud vaziyat, jinoyatlarning sabablari va bunga imkon berayotgan shart-sharoitlar sektorlar mutasaddilari, mahalla fuqarolar yig‘ini vakillari ishtirokida atroflicha muhokama qilindi. Kriminogen vaziyatni yaxshilashga ta’sir ko‘rsatayotgan omillar, ayniqsa aholini tashvishga solayotgan masalalar yuzasidan faollarning fikr-mulohazalari eshitildi.
Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikni jilovlashda “beshlik” vakillarining hamkorligini kuchaytirish, aholi muammolarini “fuqarobay” tizim asosida bartaraf etish, huquqiy targ‘ibot tadbirlarini kuchaytirish, bandlikni ta’minlash orqali mahalladagi ma’naviy-ruhiy muhitni sog‘lomlashtirish borasida qator vazifalar belgilab olindi.
Shu kunlarda ishchi guruh o‘z faoliyatini Andijon viloyatining kriminogen vaziyati og‘ir mahallarida davom ettirmoqda.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati