Bugun, 18-sentyabr kuni IIV Akademiyasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida tomonlar bu haqda kelishib oldilar.
Muloqot avvalida ikki davlat o‘rtasida mustahkam do‘stlik va o‘zaro anglashuv an’analariga asoslangan amaliy munosabatlar o‘rnatilgani, hozirgi kunda hamkorlik aloqalari ko‘plab sohalarda jadal rivojlanib borayotgani e’tirof etildi.
Akademiya boshlig‘i o‘rinbosari Ruftullo Nigmatov mehmonni qutlab, ta’lim sohasida ilg‘or tajribalarni ommalashtirish tomonlar manfaatiga xizmat qilishini alohida ta’kidladi. Gdansk universitetining Huquq va boshqaruv fakulteti dekani, professor Edvard Yuxnevich hamkorlik aloqalarini rivojlantirish uchun sa’y-harakatlarni qat’iy davom ettirish zarurligini qayd etdi.
Uchrashuvda ta’lim muassasalari o‘rtasida memorandum loyihasini ishlab chiqish, qo‘shma ta’lim dasturlari asosida ta’lim oluvchilar va professor-o‘qituvchilar uchun o‘quv kurslari tashkil etish, yuridik fanning dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy-amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, mavjud salohiyat va imkoniyatdan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati