IIV Akademiyasida ayni dolzarb mavzudagi anjuman bo‘lib o‘tdi. Fuqaroviy-huquqiy fanlar kafedrasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan anjumanda huquqshunos olimlar, ilmiy tadqiqotchilar, ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilari va kursantlari qatnashdi.
Anjumanda ushbu sohadagi islohotlar, xususan, davlatimiz rahbarining 2019 yil 5 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik qonunchiligini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoyishining asosiy ustuvor yo‘nalishlari ta’kidlab o‘tildi.
So‘zga chiqqanlar “Fuqarolik kodeksini takomillashtirish va rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari”, “Virtual mulkning fuqarolik-huquqiy holati”, “Ko‘chmas mulk obyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan bog‘liq fuqarolik-huquqiy munosabatlar”, “Ichki ishlar organlari tomonidan haq evaziga ko‘rsatiladigan xizmatlarni fuqarolik-huquqiy tartibga solish masalalari” mavzularida ma’ruza qildilar. Fuqarolik qonunchiligini takomillashtirishga oid taklif va tavsiyalar kelgusida ushbu sohaning huquqiy asoslarini mustahkamlashga xizmat qilishi aytib o‘tildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati