Poytaxtimizning Chilonzor tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasida sohaviy xizmatlar vakillari bilan uchrashuv tashkil etildi.
Tadbir IIV Akademiyasi professor-o‘qituvchilari tomonidan “O‘rikzor” mahallasi misolida huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha “fuqarobay” ishlash metodik qo‘llanmasining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlandi.
Uchrashuvda so‘z olganlar yangi tahrirda tayyorlangan mazkur qo‘llanma asosida hududlarda jinoyatlikni jilovlash, kriminogen vaziyatni yaxshilash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida amalga oishirilishi lozim bo‘lgan vazifalarga to‘xtalib o‘tishdi. Qayd etilganidek, qo‘llanmada mahalla raislari va faollari, ichki ishlar organlari mutasaddilari, hududlarga biriktirilgan sektorlar vakillari hamda profilaktika inspektorlari uchun aniq vazifalar belgilangan bo‘lib, mazkur chora-tadbirlarni hayotga izchil tatbiq etish mavjud muammolarni manzilli hal qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbirda IIV Akademiyasi kafedra boshlig‘i, polkovnik To‘lqin Mamatqulov va podpolkovnik Sirochjon Berdikulov tomonidan qo‘llanmaning o‘ziga xos jihatlari, ichki ishlar organlari tizimidagi ulkan islohotlar jarayonida amaliyotga joriy qilinayotgan zamonaviy yondashuvlar, xususan, profilaktik chora-tadbirlarning aniq mexanizmlari atroflicha tushuntirildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati