Ayni kunlarda Ichki ishlar vazirligi tasarrufidagi akademik litseylar bitiruvchilari oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirish uchun qizg‘in hozirlik ko‘rmoqda.
Bunday mas’uliyatli paytda yoshlar uchun zarur sharoitlar yaratish, ularni to‘g‘ri maqsad sari yo‘naltirish, eng muhimi, o‘qishga kiritib qo‘yish bilan bog‘liq firibgarlik holatlaridan ogoh etish dolzarb vazifaga aylanadi.
Ana shu maqsadda Andijon, Farg‘ona, Namangan viloyatlaridagi vazirlik akademik litseylarida huquqiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi. IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasining ta’lim muassasalari bo‘yicha bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tadbirda barcha bitiruvchilar qamrab olindi.
Ota-onalar ishtirokida o‘tgan uchrashuvlarda bo‘lim tezkor vakillari so‘zga chiqib, ta’lim sohasida sodir etilayotgan korrupsiyaviy holatlar, ularga qarshi kurashish borasida olib borilayotgan profilaktik tadbirlar, firibgarlik jinoyatlarining huquqiy oqibatlari yuzasidan yig‘ilgarlarni ogohlikka chorladilar. Tadbir yakunida huquqiy targ‘ibot materiallari tarqatildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati