IIV Akademiyasida ichki ishlar organlaridagi ko‘p yillik faoliyati bilan tizim ravnaqiga hissa qo‘shgan faxriylar uchun tadbir tashkil qilindi.
Yurtimizning azaliy va umrboqiy qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan ayyom – Xotira va qadrlash bayrami munosabati bilan o‘tkazilgan tadbir avvalida Akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov so‘z olib, soha fidoyilarini qizg‘in muborakbod etdi.
– “Inson qadri ulug‘” degan ezgu tamoyilning amaliy ifodasi, avvalo, keksalarni qadrlash, yoshi ulug‘ ustozlarimizga ehtirom ko‘rsatish, ularning holidan xabar olish kabi ezgu amallarda namoyon bo‘lmoqda, – dedi u. – Bugun barchamiz mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida ulkan yangilanishlar ro‘y berayotgan islohotlar davrida yashayapmiz. Yangi O‘zbekistonda xalq manfaatlari ustuvorligining konstitutsiyaviy norma darajasida mustahkamlangani muhtaram Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan insonparvar siyosatning yuksak samarasidir.
Bayram tadbirida ichki ishlar organlari tizimidagi izchil islohotlar, soha xodimlari va faxriylarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar e’tirof etildi. Faxriylarning boy hayotiy va kasbiy tajribasi yosh avlodni ertangi kunning munosib vorislari etib tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
– So‘nggi yillarda faxriylarga e’tibor yanada kuchaydi, – deydi iste’fodagi general-mayor Jo‘ra Fozilov. – “Ustoz-shogird” an’analari asosida o‘tkazilayotgan uchrashuvlar nafaqat yoshlar, balki biz keksa avlod vakillariga ham motivatsion kuch berayapti. Akademiyadagi yangilanishlarni ko‘rib, shogirdlarim bilan suhbatlashib, nihoyatda quvondim. Ta’limni rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar, zamonaviy shart-sharoitlarga havas qilsa arziydi.
Iste’fodagi podpolkovnik Radik Tumparovning aytishicha, bayram dasturxoni sobiq hamkasblar bilan o‘tgan yorqin xotiralarni yodga soldi. – Bu dargoh men uchun juda qadrli. Boisi, xizmat faoliyatimni shu yerda boshlab, nafaqaga chiqqanman. Ichki ishlar organlari tizimida yigirma yildan ziyod mehnat qildim. Ko‘plab yoshlarga ustozlik qilib, kasb sir-asrorlarini o‘rgatdim. Bugun shogirdlarim ardog‘ida ekanim kamtarona xizmatimning qadr topayotganidan nishonadir.
Xalqimizga xos fazilatlarni tarannum etuvchi milliy kuy-qo‘shiqlar bayram dasturxoniga o‘zgacha fayz kiritdi. Boy tajribaga ega ustoz-faxriylar davlatimizning yuksak e’tibor va g‘amxo‘rligidan mamnun bo‘lishdi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati