Poytaxtimizda ichki ishlar tizimi faxriylari va yosh xodimlar ishtirokida ilk bor “Zakovat” intellektual o‘yini uyushtirildi.
Tadbir “ustoz-shogird” an’analari asosida faxriylarning boy tajribasini yosh avlodga ulashish, tizimda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, xodimlarning bilim salohiyati va kasbiy fazilatlarini yuksaltirish maqsadida tashkil qilindi.
Ichki ishlar vaziri kubogi uchun tashkillashtirilgan bellashuv vazirlik tarkibiy tuzilmalari va hududiy bo‘linmalaridan 50 dan ziyod jamoa, 300 nafardan ortiq ishtirokchini qamrab oldi.
Qiziqarli ruhda o‘tgan intellektual o‘yin yakunida Ichki ishlar vazirligi akademiyasining “Uyg‘onish” jamoasi birinchi o‘ringa, vazirlik Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamentining “Uch avlod” jamoasi ikkinchi o‘ringa, markaziy apparatning “Sohibqiron” jamoasi esa uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
G‘oliblar diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan munosib taqdirlandi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati