Bugun O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i qabul qilinganiga o‘ttiz yil to‘ldi. Ichki ishlar vazirligi akademiyasi saf maydonida o‘tkazilgan tadbirda o‘quv dargohi rahbariyati, tizim xodimlari, kursant yoshlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi yangradi.
Tadbirda so‘z olganlar yurtimiz bayrog‘i xalqimizning shon-shavkati, milliy qadriyatlari va ezgu orzu-intilishlarini o‘zida mujassam etgan faxr-g‘urur timsoli ekanligini alohida ta’kidladilar.
Chindan ham, ona Vatanimiz bayrog‘i O‘zbekistonning milliy suverenitetini, xalqimizning mustaqil taraqqiyot yo‘lini bildiradigan muqaddas ramzlarimizdan biri. Uni sharaflash, ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash yurtimiz fuqarolarining burchidir.
Bugun Birlashgan Millatlar Tashkilotining bosh qarorgohi, davlatimizning xorijiy mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari binolari oldida O‘zbekiston bayrog‘ining viqor bilan hilpirab turgani qalbimizda yuksak faxr-iftixor hissini uyg‘otadi.
– Davlat bayrog‘i yurt tinchligi va osoyishtaligini saqlash yo‘lida qasamyod qilgan safdoshlarimning mardlik, jasorat va manonat kabi fazilatlarini yanada kuchaytiradi, – deydi kursant Islom Rajabov. – Saf maydoniga muqaddas bayrog‘imiz olib kirilganda, biz kursantlar aziz va muqaddas timsolimiz bilan nihoyatda faxlanamiz. Chunki jonajon bayrog‘imizda shon-shuhrat, mardlik va sadoqat, vatanparvarlik va poklik kabi ulug‘vor tuyg‘ular mujassam bo‘lgan.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati