IIV Akademiyasi professor-o‘qituvchilari tomonidan Farg‘ona va Qo‘qon shaharlarida navbatdagi sayyor mashg‘ulotlar tashkil qilindi.
Ichki ishlar organlari tizimidagi keng qamrovli islohotlar jarayonida profilaktika inspektorlarining kasbiy bilimi, ko‘nikma va mahoratini oshirish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Chunki, mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, xavfsiz muhitni qaror toptirish, jinoyatchilikni jilovlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish profilaktika ishlari samaradorligiga bog‘liq.
“Sayyor Akademiya” doirasida profilaktika inspektorlari uchun “Mahallalarda ijtimoiy profilaktika subyektlarining faoliyatini samarali tashkil etish”, “Sodir etilgan huquqbuzarlikni malakalash (huquqiy baho berish)”, “Protsessual hujjatlarni rasmiylashtirish”, “Huquqbuzarliklar profilaktikasi obyektlari bilan manzilli profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshirish” kabi mavzular bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Shuningdek ishchi guruhi tomonidan hududlarning kriminogen vaziyatini o‘rganish asnosida tayyorlangan “Qo‘qon shahrida jamoat xavfsizligini ta’minlash faoliyatini tashkil etish metodikasi” hamda “O‘g‘rilik jinoyatlarining barvaqt profilaktikasini tashkil etish” qo‘llanmalari taqdimot qilindi. “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida ijtimoiy profilaktikani tashkil etish mexanizmlari atroflicha tushuntirib o‘tildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati