IIV Akademiyasida “Ichki ishlar organlari faoliyatini psixologik ta’minlash: muammo va yechimlar” mavzuida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi Kasbiy tayyorgarlik boshqarmasi, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti, Milliy gvardiyaning Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmasi, Qurolli Kuchlar akademiyasi, shuningdek boshqa turdosh oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirni Akademiya boshlig‘ining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari, polkovnik Ruftullo Nigmatov kirish so‘zi bilan ochdi.
Anjuman ishtirokchilari “Ichki ishlar organlari tizimida psixologik xizmatni takomillashtirishning potensial imkoniyatlari”, “Kuch ishlatishga vakolatli tuzilmalarda psixologiya fanining yutuqlaridan foydalanish”, “Huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining kasbiy faoliyatida muloqotning roli”, “Milliy gvardiya harbiy bo‘linmalarida psixologik xizmat faoliyatini tashkil etishning o‘ziga xos jihatlari”, “Ichki ishlar organlari xodimlarini kasbga tayyorlash tizimini takomillashtirish: muammo va yechimlar” mavzularida ma’ruza hamda fikr-mulohazalar tingladilar.
Anjuman davomida soha mutaxassislari tomonidan psixolog-inspektor tayyorlash tizimiga zamonaviy yondashuvlarni joriy qilish, nomzodlar bilan kasbiy-psixologik tanlovni amalga oshirish tizimini takomillashtirish, xorijiy mamlakatlarning ilg‘or yondashuvlarini o‘rganish bo‘yicha tajriba almashinuvini kengaytirish, amaliyot xodimlarining kasbiy malaka va ko‘nikmasini oshirib borish, o‘quv-uslubiy faoliyat samaradorligini oshirish kabi qator yo‘nalishlar bo‘yicha taklif hamda tavsiyalar muhokama qilindi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati