Ichki ishlar vazirligi akademiyasida jamoat xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishida o‘quv kursi boshlandi.
Mazkur faoliyatni zamonaviy mexanizm va talablar asosida tashkil etish maqsadida o‘tkazilayotgan o‘quv kursiga Ichki ishlar vazirligi hamda Milliy gvardiya hududiy bo‘linmalari, shuningdek, harbiy okruglar boshqaruv apparatlarining mas’ul xodimlari jalb qilingan.
O‘n kun davomida tinglovchilar tizimdagi ilg‘or yondashuvlar bo‘yicha malaka oshiradilar. Xususan, akademiya professor-o‘qituvchilari tomonidan “Jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash faoliyatining huquqiy asoslari”, “Jamoat tartibiga tajovuz qiluvchi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlikni ta’minlash”, “Favqulodda vaziyatlar va murakkab sharoitlarda ommaviy tartibsizliklarning oldini olish”, “Jamoat xavfsizligini ta’minlashni tashkil etish” va boshqa shu kabi dolzarb mavzularga qaratilgan mashg‘ulotlar o‘tkaziladi.
Bundan tashqari, soha xodimlarining amaliy ko‘nikmalarini boyitish maqsadida joylardagi ichki ishlar organlarida sayyor mashg‘ulotlar tashkil etish rejalashtirilgan.
IIV akademiyasi Axborot xizmati