Ichki ishlar vazirligi akademiyasida tashkil etilgan tadbir barchaga xushkayfiyat ulashdi.
Ota-onalar, kursantlar, saf qismi ofitserlari ishtirokida o‘tgan tadbir avvalida akademiya boshlig‘i o‘rinbosari Sh. Tadjimetov yig‘ilganlarni Konstitutsiya bayrami bilan qutladi.
Yoshlarga yuksak ishonch bildirilayotgan yurtimizda ularning zamon talablari darajasida ta’lim olishi, o‘z imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishi, iqtidorini namoyon etishi uchun barcha sharoitlar yaratilgani e’tirof etildi. Galdagi tadbir ana shunday yoshlarni rag‘batlantirish, ularga motivatsiya berish maqsadida o‘tkazilayotgani ta’kidlandi.
Shundan so‘ng farzandlariga munosib ta’lim-tarbiya bergan ota-onalarga akademiya boshlig‘ining minnatdorlik so‘zlari bitilgan xatlar topshirildi. O‘zini har tomondan ijobiy namoyon etayotgan bir guruh kursantlarning intizomiy jazosi esa rag‘batlantirish tarzida bekor qilingani o‘qib eshittirildi.
Shu kuni mehmonlar badiiy havaskorlik jamoalari tayyorlagan madaniy dasturni tomosha qilib, o‘quv dargohidagi inshootlar, kursant o‘g‘il-qizlarining bilim olishi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar.
IIV akademiyasi Axborot xizmati