IIV Akademiyasida vazirlik akademik litseylari o‘quvchilari o‘rtasida huquqshunoslik fani bo‘yicha idoraviy fan olimpiadasining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Ilg‘or bilimli yoshlarni aniqlash va qo‘llab quvvatlash, ularning intellektual qobiliyatini ro‘yobga chiqarish maqsadida tashkil etilgan olimpiadaning birinchi bosqichi joylardagi akademik litseylarda o‘tkazilgan edi. Respublika bosqichida hududlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 14 nafar o‘quvchi qatnashdi. O‘quvchilarning bilim salohiyati yozma ish va huquqshunoslik faniga oid 50 ta savoldan iborat test sinovi orqali imtihon qilindi. Hakamlar hay’ati a’zorari jarayonlarning xolis, adolatli va shaffof o‘tishini kuzatib borishdi.
Nihoyat, yakuniy natijalar e’lon qilindi. Unga ko‘ra, IIVning Toshkent viloyatidagi akademik litseyi o‘quvchisi Shahzod Jalolov joriy yilgi fan olimpiadasi g‘olibi bo‘ldi. Ikkinchi o‘rin Andijon akademik litseyi o‘quvchisi Zikrillo Yuldashevga va uchinchi o‘rin Namangan akademik litseyi o‘quvchisi Mushtariy Faxriddinovaga nasib qildi. G‘olib va sovrindorlar diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Shuningdek IIV Akademiyasi rahbariyati tashabbusi bilan fan olimpiadasining barcha ishtirokchilari Faxriy yorliq va “Liderlar kitobi” risolasi bilan rag‘batlantirildi.
Aytish joizki, davlatimiz rahbarining 2021-yil 15-apreldagi PQ-5076-son qaroriga binoan, akademik litseylarning huquqshunoslik fani bo‘yicha idoraviy fan olimpiadasi g‘olibi bo‘lgan bitiruvchilari Akademiyaga o‘qishga qabul qilinishi uchun faqat maxsus kasbiy tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tishi yetarli hisoblanadi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati