Ichki ishlar vazirligi akademiyasi vakillari 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan soha faxriylarining holidan xabar olishdi.
Ta’lim muassasasi rahbari Rustam Xatamov poytaxtimizning Yashnobod tumanida istiqomat qilib kelayotgan iste’fodagi polkovnik Anvar Devyatov xonadonida bo‘ldi.
Tizimda salkam ellik yil xizmat qilgan Anvar aka yosh xodimlar uchun ibratli yo‘lni bosib o‘tgan. Ichki ishlar organlarining mas’ul lavozimlarida ishlab, respublikamizda huquq-tartibotni mustahkamlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olishga munosib hissa qo‘shgan. Iste’foga chiqqandan so‘ng, u Ichki ishlar vazirligi akademiyasida tinglovchi-kursantlarga saboq berdi. O‘zining ko‘p yillik amaliy tajribasini ta’lim-tarbiya samaradorligini oshirish, yoshlarning kasbiy salohiyatini yuksaltirishga bag‘ishladi. Hozirda u oila a’zolari, shogirdlari ardog‘ida umrguzaronlik qilmoqda.
Bayramona ruhda kechgan uchrashuv soha faxriysining qalbiga cheksiz quvonch bag‘ishladi. Akademiya vakillari tabarruk ustozni ayyom bilan qutlab, unga sovg‘alarni topshirishdi. Anvar aka davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lib, shogirdlarining faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.
Darhaqiqat, Xotira va qadrlash ayyomi zamirida xalqimizga xos oliyjanob qajriyatlar, insoniy fazilatlar mujassam bo‘lgan. Bayram munosabati bilan keksa avlod vakillariga ko‘rsatilayotgan mehr-muruvvat tadbirlari yurtimizda “inson qadri har narsadan ustun” degan ulug‘vor tamoyilning amaliy ifodasini namoyon etmoqda.
Lyudmila Chudaeva bu yil 85 yoshni qarshi oladi. U Ikkinchi jahon urushini boshdan o‘tkazmagan bo‘lsa-da, fashizm balosi yog‘dirgan dahshatli azobu uqubatlar haqida ko‘p eshitgan. O‘sha yillari oilasi bilan Toshkentga ko‘chib kelgan Lyudmila Chudayeva shu yerda o‘sib-ulg‘aydi. Oliygohni bitirgach, Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasining jinoyat-qidiruv bo‘limida ish boshladi. Ayol bo‘lishiga qaramay, o‘z burchini ulkan matonat bilan ado etdi. Jamoadoshlari bilan yelkama-yelka, sidqidildan xizmat qildi. Keyinchalik Toshkent oliy militsiya maktabida tajribali pedogog sifatida faoliyatini davom ettirdi.
– Akademiya jamoasi men uchun qadrdonday bo‘lib qolgan, axir, shu dargohda 15 yil mehnat qildimda, – deydi iste’fodagi polkovnik Lyudmila Chudayeva. – Ta’lim maskanida amalga oshirilayotgan yangilanishlar, shogirdlarimning yutuqlaridan hamisha quvonaman. Bilasizmi, bolaligimda ko‘p zahmatlar chekkanim bois, bugungi tinch-osuda, farovon hayotimizga shukronalar qilaman. Ayniqsa biz faxriylarga shunday izzat-ehtirom ko‘rsatilayotganidan boshim ko‘kka yetadi.
Uchrashuvda soha fidoyisi o‘z hayot yo‘li, kasb qiyinchiliklari, ko‘p yillik xizmatlari davomida erishgan yutuqlari, “ustoz-shogird” an’analarining tarbiyaviy jihatlari haqida yoshlarga so‘zlab berdi. Bayram tuhfalarini bir olam quvonch bilan qabul qilib oldi.
Shu kuni xayrli tadbirlar marhum general-mayor Tojiddin Jalilov, iste’fodagi polkovnik Qayum Saidov va boshqa faxriylarning xonadonlarida ham davom ettirildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati