Avval xabar qilinganidek, Ichki ishlar vazirligi akademiyasida Xitoy Jamoat xavfsizligi universiteti talabalari uchun o‘quv kursi tashkil qilingan edi.
Ikki haftalik o‘quv kursi davomida akademiya professor-o‘qituvchilari tomonidan turli mavzularga bag‘ishlangan nazariy va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Bundan tashqari, universitet vakillari mamlakatimiz ichki ishlar organlari faoliyati bilan yaqindan tanishish, tizimdagi ilg‘or yondashuvlar bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish imkoniga ega bo‘ldilar. Ayniqsa yurtimizning tarixiy qadamjolari, diqqatga sazovor joylariga sayohat, turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar mehmonlarda yorqin taassurot qoldirdi.
O‘quv kursining yopilish marosimiga bag‘ishlangan tadbirda akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov so‘z olib, O‘zbekiston – Xitoy munosabatlari strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani, do‘stona aloqalar mamlakatlarimiz milliy manfaatlari va taraqqiyotiga xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi.
Shundan so‘ng delegatsiya rahbari Du Vang boshligidagi universitet vakillariga sertifikatlar topshirildi.
“O‘zbekistonga tashrifimiz ikki tomonlama hamkorlikning yuksak ifodasidan dalolat beradi. O‘quv kursi barchamiz uchun qiziqarli va taassurotlarga boy o‘tdi. Talabalarimiz yetuk salohiyatli professor-o‘qituvchilardan ta’lim olishdi. O‘zaro muloqotlar chog‘ida o‘zbek xalqining tarixi, milliy madaniyati va qadriyatlari, mamlakatingizda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar, kadrlar tayyorlash tizimining o‘ziga xos jihatlari haqida keng tasavvurga ega bo‘ldik. Ayniqsa buyuk ajdodlaringiz qoldirgan bebaho ilmiy meros va qadimiy obidalar meni hayratga soldi. O‘zbek va xitoy xalqlarini ko‘hna sivilizatsiya, azaliy do‘stlik va zamonaviy taraqqiyot bog‘lab turganiga yana bir bor amin bo‘ldim”, – dedi universitetning Xalqaro politsiya tadqiqotlari fakulteti rahbari o‘rinbosari, professor Du Vang.
Shuningdek, tadbirda Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasi maslahatchisi Chen Yuy ishtirok etib, ikki tomonning qat’iy intilishi va bir-birini qo‘llab-quvvatlashi natijasida davlatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar izchil rivojlanib borayotganini, manfaatli hamkorlik barcha sohalarni qamrab olgani holda mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etayotganini aytib o‘tdi.
Tadbir yakunida xitoylik mehmonlar akademiyada yo‘lga qo‘yilgan innovatsion ta’lim jarayonlari, kursantlar uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar hamda o‘quv dargohining ulkan salohiyatini e’tirof etdilar.
IIV akademiyasi Axborot xizmati