Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Dolzarb talab va mezonlar yetkazildi

11 Sentyabr 2023, 09:09

940

IIV Akademiyasida magistratura tinglovchilari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Yangi o‘quv yili munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda ta’lim muassasasi rahbari, polkovnik Rustam Xatamov ishtirok etdi.

Muloqot avvalida ichki ishlar organlari tizimidagi izchil islohotlar, ayniqsa soha uchun professional kadrlar tayyorlash maqsadida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, ta’lim jarayoniga tatbiq qilingan ilg‘or yondashuvlar haqida so‘z bordi. O‘tgan davr mobaynida magistratura faoliyatida erishilgan natijalar e’tirof etilib, joriy o‘quv yilining ustuvor vazifalariga to‘xtalib o‘tildi.

Akademiya boshlig‘i hozirgi murakkab sharoitda ichki ishlar organlarining faoliyat samaradorligi, qaysi bo‘g‘in bo‘lmasin, har bir rahbarning yetuk salohiyati, boshqaruvchanlik fazilati, fidoyiligi va vatanparvarligiga bog‘liq ekanini aytdi.

– Prezidentimiz “ta’limni rivojlantirmasdan turib yuksak taraqqiyotga erisha olmaymiz”, deya ta’kidladilar. Soha uchun boshqaruv kadrlarini tayyorlashda innovatsion yondashuvlarni keng qo‘llagan holda ta’lim sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Chunki bugungi davr talablari kechagi kunning mezonlaridan mutlaqo farq qiladi. Tizimdagi keng qamrovli islohotlar zamonaviy bilim va tafakkurga ega, davr bilan hamnafas, har tomonlama professional kadrlar tayyorlash mas’uliyatini yuklamoqda, – dedi Akademiya boshlig‘i.

Uchrashuvda yangi avlod rahbar kadrlaridan talab etilayotgan eng asosiy mezonlar, ichki ishlar organlarini samarali boshqarishning muhim jihatlari, shuningdek o‘quv va xizmat intizomiga amal qilish yuzasidan aniq tavsiyalar berildi. Tinglovchilar yuksak mas’uliyatni anglab, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni puxta egallashlari, tanqidiy tahlil, qat’iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik faoliyatning asosiy qoidasi bo‘lishi zarurligi qayd etildi.

– Imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tib, kelajak maqsadingiz yo‘lida ulkan qadam tashladingiz. Bu imkoniyatni munosib qadrlab, zamonaviy rahbar xodimlar sifatida ona Vatanimiz va xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilishingizga ishonaman, – dedi Akademiya boshlig‘i.

Tadbir yakunida magistraturaning “tashkiliy-strategik boshqaruv” va “tashkiliy-taktik boshqaruv” yo‘nalishlariga qabul qilingan 75 nafar tinglovchiga “Liderlar kitobi” risolasi sovg‘a qilindi.

 

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech