O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasida “Yangi O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash – islohotlar samaradorligining muhim omili” mavzuida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, IIV Tezkor-qidiruv departamenti jinoyat qidiruv xizmati Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi vakillari hamda Ichki ishlar vazirligi akademiyasi professor-o‘qituvchilari va kursantlar ishtirok etdi.
Davra suhbatida so‘z olganlar “O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tizimida korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash”, “Ichki ishlar organlarining korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha tezkor-qidiruv faoliyatining xususiyatlari”, “Korrupsiyaga oid ishlarni tergov qilishning o‘ziga xos xususiyatlari”, “Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasining korrupsiyaga qarshi kurashdagi ahamiyati” va “Korrupsiyaga qarshi kurashda: xorij tajribasi” kabi dolzarb mavzularda ma’ruza qilishdi.
Mutaxasislar tomonidan Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha strategiya va davlat dasturlarini ishlab chiqilganligi, korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan ko‘plab normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, korrupsiyaga oid xavf-xatarlar yuqori bo‘lgan sohalar hamda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlari chuqur tahlillar asosida o‘rganib chiqilayotganligi ta’kidlandi.
Tadbir yakunida ma’ruzalar yuzasidan fikr va mulohazalar bildirilib, taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati