Muhtaram Prezidentimiz rahbarligida ichki ishlar tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar soha uchun malakali kadrlar tayyorlash samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Ichki ishlar vazirligi akademiyasining Sirtqi ta’lim fakulteti ana shu ustuvor maqsadlar yo‘lida tashkil qilingan edi. O‘tgan qisqa davr mobaynida fakultetda 1500 nafarga yaqin huquqshunos kadrlar tayyorlandi.
O‘quv dargohida tinglovchilarning bitiruv marosimiga bag‘ishlangan navbatdagi tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda akademiya rahbariyati, professor-o‘qituvchilar va bitiruvchilar ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda sirtqi ta’lim yo‘nalishida kadrlar tayyorlash tizimi yangi bosqichga olib chiqildi. O‘quv jarayoniga interfaol yondashuvlar, shu jumladan, “Moodle” platformasi keng joriy qilindi. Tinglovchilarning fanlarni o‘zlashtirishi, o‘z ustida mustaqil ishlashi, xorij tajribalarini o‘rganishi hamda ma’naviy dunyoqarashini yuksaltirishi uchun zamon talablari darajasida shart-sharoitlar yaratildi.
Akademiya rahbari bitiruvchilar oldida turgan dolzarb vazifalarga to‘xtaldi. “Yurtimizdagi islohotlar inson manfaatlarini ta’minlash, xalqimizni rozi qilishga qaratilgan. Ushbu ezgu tamoyil faoliyatimiz mezoni bo‘lishi kerak. Ana shu mas’uliyatni chuqur his qilib, ona Vatanimiz va xalqimizga yuksak sadoqat bilan xizmat qilinglar”, dedi Rustam Xatamov.
Shundan so‘ng bitiruvlarga “yurist” malakasini beruvchi dimlomlar tantanali ravishda topshirildi. Safdoshlari nomidan Shavkat Fayziyev va Nigora Davronova so‘z olib, ta’lim bergan ustozlari mehnatini e’tirof etgan holda zimmalaridagi mas’uliyatni munosib oqlashga va’da berdilar.
IIV akademiyasi Axborot xizmati