IIV Akademiyasining Sirtqi taʼlim fakulteti ichki ishlar organlari uchun oliy maʼlumotli mutaxassis kadrlar tayyorlash maqsadida tashkil etilgan edi. Joriy o‘quv yilida taʼlim muassasasini 400 nafardan ziyod tinglovchi tamomladi. Ular orasida ichki ishlar organlari bilan birga, boshqa huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar xodimlari ham bor.
Shu munosabat bilan Akademiyasida tantanali bitiruv marosimi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya qo‘mondonligi, IIV Malaka oshirish instituti vakillari, professor-o‘qituvchilar va bitiruvchilar ishtirok etgan tadbirda Akademiya boshlig‘i, polkovnik Rustam Xatamov nutq so‘zladi.
– Barchamizga maʼlumki, muhtaram Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar “Inson qadri uchun” degan ezgu g‘oyani ro‘yobga chiqarishga qaratilgan, – dedi Akademiya rahbari. – Ayni ustuvor maqsad huquqni muhofaza qiluvchi organlar zimmasiga ham ulkan vazifalar yuklaydi. Bunda, eng avvalo, qonun ustuvorligini taʼminlash, jamiyatda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, jinoyatchilikni jilovlash va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish faoliyatimizning asosiy mezoniga aylanishi kerak.
Taʼlim muassasasi rahbari islohotlar surʼati kuchayib borayotgan hozirgi davrda har bir xodim professional bilim salohiyati, maʼnaviy-axloqiy fazilatlari, yuksak kasbiy tayyorgarligi bilan yurtimizda kechayotgan yangilanishlarga munosib hissa qo‘shishi lozimligini taʼkidlab, bitituvchilarni qizg‘in muborakbod etdi. Shundan so‘ng tinglovchilarga oliy maʼlumotli “yurist” malakasini beruvchi dimlomlar tantanali ravishda topshirildi.
Aytish joizki, o‘tgan to‘rt yil mobaynida taʼlim oluvchilarning mutaxassislikka oid bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash maqsadida ilg‘or pedagogik yondashuvlar o‘quv jarayoniga tatbiq etildi. Mashg‘ulotlar malakali professor-o‘qituvchilar bilan bir qatorda, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda turdosh oliy taʼlim muassasalarining tajribali mutaxassislari tomonidan olib borildi. Shuningdek, hududiy ichki ishlar organlarida malakaviy amaliyotlar tashkil qilindi. O‘quv yili yakunida ular davlat attestatsiyasi imtihonlarini topshirdilar.
Tadbirda hamkor huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari ham so‘zga chiqib, ona Vatanimiz va xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilishni maqsad qilgan bitiruvchilarga muvaffaqiyat tiladilar. Safdoshlari nomidan minbarga ko‘tarilgan Shohrux Ro‘zmatov va Shahnoza Shukurova taʼlim bergan ustozlari mehnatini eʼtirof etgan holda zimmalaridagi masʼuliyatni munosib oqlashga vaʼda berishdi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati