Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

DINIY-MA’RIFIY SOHADAGI ISLOHOTLAR E’TIROF ETILDI

10 Oktyabr 2024, 09:10

197

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar Ichki ishlar vazirligi akademiyasi professor-o‘qituvchilari va magistratura tinglovchilari bilan uchrashdi.

Axborot-resurs markazida o‘tgan tadbirda muhtaram Prezidentimiz boshchiligida amalga oshirilayotgan ezgu ishlar, xalqimiz hayotida ro‘y berayotgan o‘zgarishlar, diniy-ma’rifiy sohadagi  islohotlar haqida so‘z bordi. 

Diniy idora raisi yurtimizda inson qadri va farovonligini yuksaltirish yo‘lida qilinayotgan xayrli ishlarga to‘xtalib, keyingi yillarda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar dunyo hamjamiyati tomonidan yuqori baholanayotganini e’tirof etdi.

– Mamlakatimizda diniy bag‘rikenglik va vijdon erkinligini ta’minlash uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda. Xalqimizga xos milliy va diniy qadriyatlar tiklanmoqda. Yangi masjidlar barpo etilib, ulug‘ allomalarimizning qadamjolari obod qilinmoqda. Bularning barchasi yurtboshimiz tomonidan olib borilayotgan ochiqlik siyosatining samarasidir, – dedi Shayx Nuriddin Xoliqnazar.

Tadbirda turli ixtiloflar ro‘y berayotgan bugungi tahlikali davrda islom dinining asl mohiyatini anglash, jamiyatimizni din niqobi ostidagi buzg‘unchi g‘oya va mafkuralardan asrash, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish dolzarb vazifa ekanligi aytib o‘tildi. Buning uchun buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy merosini, muqaddas dinimizning insonparvar g‘oyalari yoritilgan asarlarini o‘rganish va yoshlarimiz orasida keng targ‘ib qilish zarurligi alohida ta’kidlandi.

– Terrorchilik tashkilotlari internet tarmog‘i orqali odamlar ongini zaharlashga va o‘z saflarini kengaytirishga urinmoqda. Keyingi yillarda muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan aldov yo‘li bilan ekstremistik g‘oyalar ta’siriga tushib qolgan ko‘plab yurtdoshlarimiz xorijiy davlatlardan qaytarildi. Bunday holatlarning oldini olish uchun axborot-mafkuraviy tahdidlarga qarshi tarbiyaviy targ‘ibot ishlarini kuchaytirishimiz lozim, – dedi akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov.

Uchrashuvda dunyoviy va diniy davlat tushunchalarining mohiyati, ayrim mintaqalarda yuzaga kelayotgan ijtimoiy-siyosiy mojarolar sabablari, diniy aqidaparastlik g‘oyalarining kuchayib borishiga sharoit yaratayotgan omillar, yoshlarimiz ongida sog‘lom ma’naviy-axloqiy qarashlarni shakllantirish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalalari xususida atroflicha mulohaza yuritildi.

Shuningdek, tadbir ishtirokchilari O‘zbekiston musulmonlari idorasining faoliyati haqida ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech