Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

“DAXLDORLIK HISSINI AMALDA NAMOYON ETISHIMIZ KERAK”

25 Sentyabr 2024, 12:09

408

IIV akademiyasida Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

O‘quv dargohi rahbariyati, professor-o‘qituvchilar hamda magistratura tinglovchilari ishtirok etgan tadbir Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlandi.

Qo‘mita raisi jamiyat hayotining barcha jabhalarida ro‘y berayotgan o‘zgarishlarga to‘xtalar ekan, xalqimiz ongida yangicha dunyoqarash, atrofimizdagi yangilanishlarga daxldorlik hissi ortib borayotganini e’tirof etdi.

– Chindan ham, keyingi sakkiz yil ichida demokratik huquqiy davlat va ochiq fuqarolik jamiyatini qurish yo‘lida qat’iy qadam tashladik. Yurtimizda inson qadri yuksaldi, odamlarni rozi qilish, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, qonun ustuvorligiga erishish mamlakat taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini ta’minlashning ustuvor mezoniga aylandi. Muhtaram Prezidentimizning ochiq ichki va tashqi siyosati tufayli O‘zbekiston jadal o‘zgarishlarga yuz tutayotgan davlat sifatida e’tirof etila boshlandi, – dedi Qutbiddin Burxonov.

Uchrashuvda mamlakatimiz hayotida tub burilish yasagan konstitutsiyaviy islohotlar, yangilangan Konstitutsiyamizdagi ustuvor tamoyillarning mazmun-mohiyati va pirovard maqsadi, qonun ijodkorligi sohasidagi yangiliklar, qolaversa, shu yilning oktabr oyida bo‘lib o‘tadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlar deputatlari saylovining o‘ziga xos jihatlariga to‘xtalib o‘tildi.

Ta’lim muassasasi rahbari Rustam Xatamov islohotlar davrida ichki ishlar organlari fuqarolarimizning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlaydigan tizim sifatida shakllanib borayotganini alohida qayd etdi. Ayniqsa huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan mexanizmlarning amaliyotga samarali tatbiq etilayotgani mahallalarni obod va xavfsiz hududga aylantirishda muhim ahamiyat kasb etayotgani aytib o‘tildi.

– Xalqchil tizim, bu avvalo, odamlarning dardu tashvishi bilan yashash, tinch-osuda hayotini ta’minlash, kunu tun el-yurt ravnaqi uchun xizmat qilish degani. Buning uchun har bir xodim o‘z ishiga sidqidildan yondashishi, har qanday sharoitda ham ona Vatanimiz va xalqimiz manfaatlarini ustun qo‘yishi, daxldorlik hissini amalda namoyon etishi kerak, – dedi akademiya boshlig‘i.

Tadbir yakunida magistraturada ta’lim olayotgan bo‘lajak rahbar kadrlarga zarur tavsiyalar berildi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech