Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Davlat gerbi – milliy g‘ururimiz

03 Iyul 2023, 11:07

1419

2-iyul – O‘zbekiston Respublikasining davlat gerbi qabul qilingan kun. Sana munosabati bilan Ichki ishlar vazirligi akademiyasida o‘tkazilgan tadbirda milliy timsolimizning yuksak qadr-qimmati va ulug‘vor qudrati e’tirof qilindi.

Davlat ramzlari har bir xalqning milliy g‘ururi, or-nomusi va shon-sharafini namoyon etadi. O‘zbekiston Respublikasining davlat gerbi xalqimizning o‘tmishi, buguni va kelajagini o‘zida mujassam etgan muqaddas timsol sifatida barchamizni Vatan ravnaqi yo‘lida birlashishga, mustaqilligimizni ko‘z qorachig‘iday asrashga da’vat etib turadi. Shuning uchun har bir yurtdoshimiz davlatimizning ulug‘ ramzi bo‘lgan gerb bilan haqli ravishda faxrlanadi. Ayniqsa o‘sib kelayotgan yosh avlod qalbida vatanparvarlik, fidoyilik, mardlik va sadoqat fazilatlarini mustahkamlashda uning ahamiyati beqiyos.

Tadbirda so‘z olganlar O‘zbekiston Respublikasi davlat gerbining huquqiy asoslari, qonunchilikda nazarda tutilgan muhim tartib-tamoyillar, gerbimizdagi timsollarda aks etgan ulug‘vor g‘oyalar haqida to‘xtalib o‘tishdi. Mamlakatimizda istiqomat qilayotgan har bir fuqaro davlat ramzlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lishi, milliy timsollarda xalqimizga xos umrboqiy qadriyatlar, Vatanga cheksiz mehr-muhabbat, ezgulik, bunyodkorlik, poklik, farovonlik singari oliyjanob tuyg‘ular mujassam ekanligi ta’kidlab o‘tildi.

Darhaqiqat, gerbimiz iftixor va g‘urur ramzidir. Undagi har bir tasvir, rang, chiziq va belgi yurtning farovonlik yo‘lidagi orzu-umidlarini ifodalaydi. Binobarin, davlat ramzlarini hurmat qilmay turib, milliy yuksalishga erishib bo‘lmaydi.

Shu kuni Akademiya kunduzgi ta’lim kursantlari o‘rtasida “Qadrli va muqaddas timsol” mavzuida insholar tanlovi ham o‘tkazildi. Yoshlar ongu shuuriga davlat ramzlariga nisbatan chuqur hurmat tuyg‘ularini singdirish, ularni Vatanimiz taqdiri, ertangi kuni va istiqboliga yuksak daxldorlik ruhida kamol toptirish, buyuk ajdodlarimizga munosib vorislar etib tarbiyalash maqsadida tashkil etilgan tanlov yakunida eng yaxshi ijodiy ishlar saralab olindi.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

 

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech