Yurtimizda milliy adabiyotimizning boy xazinasini yosh avlodga yetkazish yo‘lida ibratli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa so‘nggi yillarda adabiyotga ixlosmand o‘g‘il-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga rag‘bat berish ustuvor vazifalardan biriga aylaydi.
Ichki ishlar vazirligi akademiyasida tashkil etilgan sayyor adabiyot darsi yoshlarning vatanparvarlik fazilatlarini yuksaltirishda alohida ahamiyat kasb etdi. Unda “Cho‘lpon” nomidagi stipendiyaga sazovor bo‘lgan kursantlar adibning hayoti va ijodi haqida o‘z tengdoshlariga so‘zlab berdilar. Ma’rifatparvar shoirning insoniy fazilatlari, yuksak iste’dodi, murakkab va serqirra faoliyati xususida aytilgan mulohazalar yoshlarga ma’naviy ozuqa berdi.
– Cho‘lpon g‘oyat tahlikali zamonda yashaganiga qaramay, o‘zbek adabiyotida so‘nmas iz qoldirdi. XX asr boshlarida ro‘y bergan tarixiy-siyosiy voqealar silsilasida u millatimiz boshiga tushgan fojiali kunlarni qalamga oldi. Abdulhamid Cho‘lponning ona yurtimizga cheksiz muhabbati, ulkan ma’naviy jasorati va matonati o‘sib kelayotgan biz yoshlar uchun ibratdir, – deydi 320-guruh kursanti Sevdiyor Abdunazarov.
Tadbir davomida yoshlar Cho‘lpon muzeyi, “Vatanparvarlik” burchagini tomosha qilib, yurtimiz ozodligi va tinchligi yo‘lida qahramonlik ko‘rsatgan buyuk ajdodlarimiz hamda jasur zamondoshlarimizning ibratli hayoti bilan tanishdilar.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati