Abdulhamid Cho‘lponning hayoti yoshlar tomonidan katta qiziqish bilan o‘rganilmoqda. Taraqqiyparvar adib ijodida yurt qayg‘usi, ma’rifat va taraqqiyotga intilish, Vatanni sevish kabi ulug‘vor g‘oyalar yorqin ifoda topgan.
Adiblar xiyobonida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan adabiyot kechasi ma’rifatparvar adib ijodiga bag‘ishlandi. Tadbirda adib va shoirlar, tadqiqotchi olimlar, IIV Akademiyasi professor-o‘qituvchilari va kursant yoshlari ishtirok etdi.
“Sharq Yulduzi” jurnali bosh muharriri, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Sirojiddin Rauf mustamlakachilik davri qurbonlari xotirasini abadiylashtirish, xususan, Abdulhamid Cho‘lpon hayoti va ijodini o‘rganish, uning boy adabiy merosidan yoshlarni keng bahramand qilish borasidagi ishlar haqida gapirib o‘tdi.
– Yoshlar ongu tafakkuriga mafkurafiy xurujlar avj olayotgan hozirgi zamonda adabiyot qudratli qurolga aylanib bormoqda, – dedi Sirojiddin Rauf. – Ayni jihati bilan ham jadidchilik harakati namoyandalarining ilmiy-ijodiy merosini o‘rganish muhim ahamiyat kasb etadi. Taraqqiyparvar bobolarimiz ulug‘lagan ezgu g‘oyalar, ularning ma’naviy-ma’rifiy qarashlari yosh avlodni yuksak vatanparvarlik ruhida kamol toptirishda, eng muhimi, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashishda ta’sirchan vosita hisoblanadi.
Tadbirda Cho‘lponning milliy adabiyotimiz ravnaqiga qo‘shgan ulkan hissasi, adib ijodini o‘rganish borasida amalga oshirilayotgan izlanishlar haqida fikrlar bildirildi. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan faol kursantlarga badiiy asarlar sovg‘a qilindi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati