Bugun yurtimizda buyuk mutafakkir va shoir Alisher Navoyi tavalludining 582 yilligi keng nishonlandi.
Sana munosabati bilan poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida o‘tkazilgan adabiy-ma’rifiy tadbirda Ichki ishlar vazirligi akademiya kursantlari ham faol ishtirok etdi.
Ilm-fan namoyandalari, adabiyotshunos olim va ziyolilar, keng jamoatchilik vakillari ulug‘ bobomiz haykali poyiga gulchambar qo‘ydilar. Alisher Navoiyning barhayot siymosiga ehtirom ko‘rsatilib, bebaho merosini o‘rganish va kelajak avlodlarga yetkazish yo‘lidagi xayrli ishlar e’tirof etildi.
***
Yozuvchilar uyushmasida bo‘lib o‘tgan adabiy kechada taniqli filolog olim, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi Bahodir Karim “Navoiyni anglash saodati” mavzuida ma’ruza qildi.
Adabiyotshunos olim ona tilimizga muhabbat Alisher Navoiy asarlari bilan kirib kelishini, buyuk alloma ulug‘lagan umumbashariy g‘oyalar yoshlarning adabiyotga qiziqishini oshirishga, vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Tadbir Akademiya kursantlari tomonidan tayyorlargan sahna ko‘rinishi va Navoiy g‘azallari manzumasi bilan davom etdi.
***
So‘z mulkining sultoni tavallud topgan sana poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Alisher Navoiy mahallasida ko‘tarinki kayfiyatda nishonlandi.
Nuroniylar, mahalla faollari va Ichki ishlar vazirligi akademiyasi vakillari qatnashgan tadbirda hazrat Navoiyning hayoti va ijodi yodga olindi. Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan milliy adabiyotimizni rivojlantirishga qaratilgan ezgu sa’y-harakatlar xalqimizning ma’naviy kamoloti yo‘lidagi xayrli amallar ekanligi ta’kidlandi.
Nazm va navo kechasida Navoiy g‘azallaridan qo‘shiqlar kuylandi. Yoshlar shoirning ijod namunalaridan yod aytib, yoshi ulug‘larga xushkayfiyat ulashdilar.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati