Tarix – milliy o‘zligimizni anglash, buyuk ajdodlarimizga yuksak ehtirom ko‘rsatish hissini uyg‘otadi. Poytaxtimizdagi “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmui hamda Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi ana shunday ziyoratgohlardan biri sanaladi.
“Vatanparvarlik oiyligi” doirasida Ichki ishlar vazirligi akademiyasi kursantlari mazkur qadamjoda bo‘lib, yurtimiz ozodligi yo‘lida qurbon bo‘lgan bobolarimiz hayoti bilan yaqindan tanishdilar.
– Ushbu maskanga kelgan kishi istiqlol ne’matining ulug‘ qadrini his etadi, – deydi 3-bosqich kursanti Husniya Umurzoqova. –Muhtaram Prezidentimizning tashabbuslaridan so‘ng o‘quv dargohimizda Abdulhamid Cho‘lpon hayoti va ijodini o‘rganish harakatlari boshlab yuborilgan edi. Muzeyni tomosha qilish asnosida atoqli adib faoliyatining eng murakkab davrlari haqida noyob ma’lumotlarga ega bo‘ldim. Men qatori, barcha tengdoshlarim qalbida ona Vatanimizga bo‘lgan cheksiz sadoqat tuyg‘ulari jo‘sh urdi.
Tadbir davomida yoshlarga mazkur majmuaning barpo etilish tarixi, qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish yo‘lida amalga oshirilayotgan ezgu ishlar, maskanda faoliyat yuritayotgan muzeydan o‘rin olgan tarixiy ekspozitsiyalar haqida ma’lumot berildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati