Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasida turdosh oliy ta’lim muassasalari kursantlari o‘rtasida “Ajdodlar izidan” ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Tarixda o‘chmas iz qoldirgan buyuk ajdodlarimizning ibratli hayoti va boy ilmiy merosini targ‘ib qilish orqali yoshlarni barkamol shaxs etib tarbiyalash maqsadida tashkil etilgan tadbirda Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati va Qurolli Kuchlar akademiyalari, Bojxona instituti, Jamoat xavfsizligi universiteti, Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti hamda Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti jamoalari bellashdi.
Tanlovning “Ajdodlar zakovati” deb nomlangan birinchi sharti qomusiy asarlardan savol-javob tarzida o‘tgan bo‘lsa, “Moziydan bir lahza” sharti tarix haqidagi bilimlarni sinovdan o‘tkazdi. “Vatanparvar charxpalagi” shartida ishtirokchilar buyuk allomalarimiz hayoti va faoliyati haqida so‘zlab berdilar. So‘nggi “Suratlardagi tarix” sharti esa yurtimizning tarixiy obidalariga bag‘ishlandi.
Qiziqarli o‘tgan bilimlar bellashuvi yakunida birinchi o‘rin Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasining “Iftixor” jamoasiga nasib qildi. IIV Akademiyasining “Turon” jamoasi ikkinchi, Bojxona institutining “Bojxona” jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi. G‘oliblar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati