O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida tashkil etilgan qisqa muddatli o‘quv kurslari yakunlandi.
Zamonaviy ta’limning ilg‘or yondashuvlari asosida o‘tkazilgan mashg‘ulotlar davomida IIV Akademiyasi magistraturasining 146 nafar tinglovchisi boshqaruvga oid bilim va ko‘nikmalarni egalladi. Tajribali mutaxassislar tomonidan rahbarlik salohiyatini yuksaltirish, faoliyatni samarali tashkil etish, ijro samaradorligini oshirish, jamoani boshqarishda yetakchilikni namoyon etish, nostandart vaziyatlarda samarali qarorlar qabul qilish singari dolzarb yo‘nalishlarda treninglar olib borildi.
Mutaxassislarning fikricha, bu kabi o‘quv kurslari ichki ishlar organlari faoliyatini zamon talablari darajasida tashkil etishga, xodimlarning rahbarlik salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi. O‘quv yig‘ini yakunida Davlat boshqaruvi akademiyasining birinchi prorektori Xudoyqul Azizov mashg‘ulotlarning muhim jihatlarini alohida ta’kidlab o‘tgan holda tinglovchilarga sertifikatlarni topshirdi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati