Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

BOMCA tomonidan o‘quv-seminar o‘tkazildi

14 Fevral 2023, 06:02

710

14-fevral kuni Dushanbe shahrida Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyoda chegaralarni boshqarish bo‘yicha ko‘mak dasturi (BOMCA) doirasida “Afg‘oniston orqali yuzaga kelayotgan noqonuniy migratsiya jarayonlari” mavzuyiga bag‘ishlangan onlayn o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi.

Unda Markaziy Osiyo va Boltiqbo‘yi davlatlarining asosiy hamkorlar sifatida belgilangan davlat organlari va tuzilmalari vakillari, shuningdek huquqni muhofaza qiluvchi organlar tasarrufidagi ixtisoslashgan ilmiy markazlar va ta’lim muassasalaridan ekspert hamda mutaxassislar ishtirok etdi.     

Ta’kidlash kerakki, Markaziy Osiyoda chegaralarni boshqarish bo‘yicha ko‘mak dasturi (BOMCA) Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan bo‘lib, uning faoliyati transchegaraviy hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash orqali mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan. 2003-yildan buyon amalga oshirib kelinayotgan dastur integratsiyalashgan boshqarish konsepsiyasi asosida chegara nazorati idoralari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, chegara nazoratini xalqaro tajribalar va Yevropa Ittifoqi standartlariga muvofiqlashtirishga ko‘maklashib keladi. Dasturning o‘ninchi bosqichi (BOMCA-10) chegara idoralarini institutsional rivojlantirish, qonun buzilishi hollarini aniqlash bo‘yicha salohiyatni oshirish, transchegaraviy savdo va hamkorlikni yengillashtirish va takomillashtirishni qamrab olgan.

O‘ninchi bosqich doirasida o‘tkazilgan navbatdagi o‘quv-seminarni BOMCAning mintaqaviy ofisi rahbari Maris Dominsh ochib, mintaqada transchegaraviy hamkorlikni mustahkamlash, global xavf-xatar va tahdidlarning oldini olish, ichki va tashqi xavfsizlikka ta’sir ko‘rsatuvchi omillarga qarshi kurashishda o‘zaro ko‘maklashish, bu borada hamkorlar davlatlar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashinuvini kengaytirish o‘quv-seminarning asosiy maqsadi ekanligini ta’kidladi. Mashg‘ulotlar davomida tojik-afg‘on chegarasida o‘rnatilgan nazorat tartib-qoidalarining o‘ziga xos xususiyatlari, mintaqada yuzaga kelayotgan zamonaviy tahdidlar, chegara xavfsizligiga oid milliy qonunchilik normalari, shuningdek boshqa dolzarb yo‘nalishlar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. 

O‘quv-seminarda IIV Akademiyasining ixtisoslik kafedralaridan 24 nafar professor-o‘qituvchi faol qatnashdi.

 

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech