Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) Surayyo Rahmonova Ichki ishlar vazirligi akademiyasida ta’lim olayotgan magistrlar bilan muloqot qildi.
Mamlakatimizda bolalar huquqlarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, mazkur yo‘nalishda erishilayotgan ijobiy tendensiyalar, Bolalar ombudsmani institutining faoliyati, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorligi tadbirning asosiy mavzusi bo‘ldi.
– Davlatimiz rahbarining qat’iy e’tibori va tashabbusi bilan bolalar huquqlari masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi, – dedi Surayyo Rahmonova. – Xususan, bola huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga oid samarali huquqiy mexanizm yaratildi. Tizimli choralar natijasida mamlakatimizda neonatal o‘lim ko‘rsatkichlari sezilarli darajada pasaydi. Maktabgacha ta’lim qamrovi 27 foizdan 76 foizgacha oshdi. Bolalar mehnatiga batamom barham berildi. Masalan, 2017-yilda O‘zbekiston Bolalar farovonligi bo‘yicha global indeksda 78-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2021-yilda 16 pozitsiya yuqoriga ko‘tarildi. Bu ham islohotlarning amaliy natijasidir.
Davra suhbatida kelajagimiz vorislarining huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga nisbatan turli tazyiq hamda zo‘ravonlik holatlarining oldini olish, oilalardagi ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, aholi bilan manzilli ishlash borasida ichki ishlar organlari tizimi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, kelgusidagi muhim vazifalar xususida mulohazalar bildirildi.
Surayyo Rahmonova yaqinda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) to‘g‘risida”gi qonunning ustuvor ahamiyatiga ham to‘xtaldi. Mazkur qonun bilan Bolalar ombudsmanining siyosiy maqomi kuchayib, vakolatlari ta’sirchanligi oshganligi, bu esa yurtimizda yashayotgan har bir bolaning Konstitutsiya va qonunlarda kafolatlangan huquq va manfaatlari himoyasini kuchaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Shu kuni Bolalar ombudsmani akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov bilan uchrashdi. Muloqot chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikni kuchaytirish, bolalar huquqlarini himoya qilish sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borish, bolalar va yoshlarni buzg‘unchi g‘oyalardan asrash, ularning huquqiy ongi va madaniyatini oshirishga qaratilgan qo‘llanmalar yaratish, aholi o‘rtasida targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati