IIV Akademiyasida magistratura tinglovchilarining bitiruv marosimiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Ichki ishlar vazirligi mutasaddilari, Akademiya rahbariyati, professor-o‘qituvchilar va bitiruvchilar ishtirok etdi.
Tantanali marosim avvalida so‘z olganlar ichki ishlar organlari uchun professional kadrlar tayyorlashning hozirgi bosqichida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarga to‘xtalishdi. Prezidentimiz qarori asosida tashkil etilgan Akademiya magistraturasi sohani zamonaviy boshqaruv kadrlari bilan ta’minlash bilan bir qatorda, tizimni xalqchil tuzilma sifatida shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.
Tadbirda bir yillik ta’lim dasturi asosida magistraturaning “tashkiliy-strategik boshqaruv” hamda “tashkiliy-taktik boshqaruv” yo‘nalishlari tinglovchilari ishtirokida olib borilgan o‘quv jarayonlari, ilg‘or yondashuvlarga asosida o‘tkazilgan nazariy va amaliy mashg‘ulotlar, milliy va xalqaro tajribalarni o‘rganishga qaratilgan o‘quv kurslari, shuningdek malakaviy va ilmiy amaliyot hamda yakuniy davlat attestatsiyasi jarayonlari haqida ma’lumot berildi.
Bitiruvchilarga magistrlik diplomlari topshirilgandan so‘ng IIV Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamenti boshlig‘ining o‘rinbosari, polkovnik Umidbek Nurullayev nutq so‘zladi.
– So‘nggi yillarda muhtaram Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida ichki ishlar organlari faoliyati yangi bosqichga chiqdi. Aholi bilan manzilli ishlash, fuqarolarni tashvishga solayotgan muammo va masalalarni hal etish, hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, mahallalarda sog‘lom ma’naviy muhitni qaror toptirish, bir so‘z bilan aytganda, respublikamizdagi umumiy kriminogen vaziyatni barqaror saqlashda tizim xodimlari, ayniqsa rahbar kadrlarga ulkan mas’uliyat va ishonch bildirilmoqda. Magistratura bitiruvchilari islohotlar ruhiga mos kadr sifatida ona Vatanimiz va xalqimizga yuksak sadoqat bilan xizmat qilishlari kerak. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, har bir rahbarning faoliyat mezoni – bu xalqning orzu-umidlarini o‘zi uchun asosiy maqsad qilib, ularni izchillik bilan ro‘yobga chiqarishdan iborat, – dedi u.
Tantanali tadbirda bitiruvchilar ham so‘zga chiqib, ona Vatanimiz, xalqimiz va davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan ulkan ishonchni munosib oqlashga va’da berdilar.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati