Ichki ishlar vazirligi akademiyasi bitiruvchilari oldida ona Vatanimiz va xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilish, ishonchni munosib oqlashdek mas’uliyatli yo‘l turibdi.
Yoshlar kuni munosabati bilan o‘quv dargohida “Rahbar va bitiruvchilar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. “Yangi O‘zbekiston – yangi ichki ishlar organlari” shiori ostida o‘tkazilgan tadbirda akademiya boshlig‘i, polkovnik Rustam Xatamov so‘z olib, muhtaram Prezidentimiz tomonidan yurtimiz yoshlarining ta’lim-tarbiyasi va kelajak taqdiriga qaratilayotgan ulkan e’tibor haqida to‘xtaldi.
So‘nggi yillarda akademiyada ham ilg‘or yondashuvlar joriy qilinib, kursantlarning kasbiy bilim va amaliy ko‘nikmalarni puxta egallashi, iqtidor va salohiyatini to‘la namoyon etishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgani, yosh avlodni yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida ishlar tubdan takomillashtirilgani qayd etildi.
Akademiya boshlig‘i bitiruvchilarga murojaat qilib, islohotlar samarasi yoshlarning intilishi, shijoati va fidoyiligi, kasbiga bo‘lgan sadoqatiga bog‘liq ekanligini alohida ta’kidladi. Yoshlarni chinakam xalqparvar xodim bo‘lishga, ona Vatanimiz uchun halol va vijdonan xizmat qilishga undadi.
– Uch yil oldin katta orzu-niyatlar bilan akademiyaga qadam qo‘ygan edingiz. Shu davr mobaynida zamon talablari darajasida ta’lim oldingiz. Mard, jasur, maqsadiga sobit o‘qil-qizlar bo‘lib kamol topdingiz. Endi ustozlaringiz saboqlarini, ota-oningiz umidlarini, xalqimiz ishonchini sidqidildan oqlashingiz kerak, – dedi o‘quv dargohi boshlig‘i.
Uchrashuv davomida o‘qishdagi yutuqlari, tashabbuskorligi va fidoyiligi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lgan bir guruh kursantlar Akademiya boshlig‘ining faxriy yorlig‘i bilan tantanali ravishda taqdirlandi. Taniqli san’atkorlar va badiiy havaskorlik jamoalari tomonidan tayyorlangan galakonsert tadbirni chinakam yoshlar bayramiga aylantirdi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati