Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

BITIRUV TADBIRI BO‘LIB O‘TDI

08 May 2022, 05:05

2037

Ichki ishlar organlari uchun professional salohiyati yuqori mutaxassis kadrlarni tayyorlash sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishi sanaladi. Ana shu maqsadda bundan to‘rt yil oldin Ichki ishlar vazirligi akademiyasida Sirtqi ta’lim fakulteti tashkil etilgan edi.

Prezidentimizning “Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida sirtqi ta’lim yo‘nalishida o‘qitish oliy ma’lumotli xodimlar uchun 3 yil, o‘rta maxsus ma’lumotli xodimlar uchun 4 yil etib belgilandi.

Kuni kecha fakultetda to‘rt yillik o‘quv dasturi asosida ta’lim olgan tinglovchilarning tantanali bitiruv marosimi bo‘lib o‘tdi.  Unda IIV Akademiyasi rahbariyati, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, IIV Malaka oshirish instituti mutasaddilari, bitiruvchilar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbir avvalida o‘quv dargohi boshlig‘i, polkovnik Rustam Xatamov so‘zga chiqdi.

– So‘nggi yillarda muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan ichki ishlar organlari faoliyatiga mutlaqo yangicha mexanizmlar joriy qilindi. Islohotlar davrida tizimni qonun ustuvorligini ta’minlaydigan, xalq manfaatlariga xizmat qiladigan xalqchil tuzilmaga aylantirish bosh ustuvor maqsad etib belgilandi. Ayniqsa kadrlar tayyorlashning sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘ratilgani o‘zining ijobiy natijalarini ko‘rsatmoqda, – dedi R.Xatamov.

Aytish joizki, o‘quv dargohida 2004 yilgacha faoliyat yuritgan sirtqi ta’lim yo‘nalishida faqat ichki ishlar idoralari xodimlari o‘qitilgan. Davlatimiz rahbarining yuqoridagi qarori bilan qaytadan tashkil etilgan fakultetda nafaqat ichki ishlar, balki boshqa huquqni muhofaza qiluvchi tizimlarda xizmat qilayotgan xodimlarning ta’lim olishiga imkoniyat yaratildi. Shunga ko‘ra, 2018/19 o‘quv yilida sirtqi ta’lim yo‘nalishiga huquqni muhofaza qiluvchi organlardan 400 nafardan ortiq o‘rta-maxsus ma’lumotli nomzod qabul qilindi.

Tinglovchilarning mutaxassislikka oid bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash maqsadida o‘quv jarayoniga ilg‘or pedagogik yondashuvlar samarali tatbiq etildi. Mashg‘ulotlar malakali professor-o‘qituvchilar bilan bir qatorda, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda turdosh oliy ta’lim muassasalarining tajribali mutaxassislari tomonidan olib borildi. Shuningdek, hududiy ichki ishlar organlarida malakaviy amaliyotlar tashkil qilindi. O‘quv yili yakuni bo‘yicha tinglovchilar davlat attestatsiyasi imtihonlarini topshirdilar.

Tadbirda Akademiya boshlig‘i bitiruvchilar ona Vatanimiz va xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilib, o‘z burchlarini yuksak sharaf,  fidoiylik, yurtga daxldorlik hissi bilan ado etishlari lozimligini alohida ta’kidlab o‘tdi. Shundan so‘ng o‘qishni muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga oliy ma’lumotli “yurist” malakasini beruvchi diplomlar tantanali ravishda topshirildi.

– Ichki ishlar organlarida 19 yildan beri xizmat qilaman, – deydi bitiruvchi Zebo Adilova. – Huquqshunos malakasiga ega bo‘lmaganim kasbiy o‘sishimga ta’sir qilayotgan edi. Muhtaram Prezidentimiz qarorlari bilan sirtqi ta’lim yo‘nalishining tashkil qilingani men qatori ko‘plab kasbdoshlarimga ulkan imkoniyat yaratdi. O‘qish davomida mutaxassislikka oid nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarni chuqur o‘zlashtirdim. Ustozlarim bergan ta’lim kelgusi faoliyatimda mustahkam poydevor bo‘ladi, albatta.

Shu kuni Milliy gvardiya qo‘mondoni o‘rinbosari, polkovnik Sarvar Mamayusupov, bitiruvchilardan Doniyor Maripov, Dilrabo Norboyeva so‘z olib, davlatimiz tomonidan professional kadrlar tayyorlash yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni e’tirof etdilar.

 

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

 

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech