Sobiq Toshkent oliy militsiya maktabi bitiruvchilari yoshlik chog‘larini esga olish uchun Ichki ishlar vazirligi akademiyasiga kelishdi.
“Biz o‘qigan 1970-74-yillari oliy maktab uchun yangi binolar qurilayotgan edi. Nazariy va amaliy mashg‘ulotlar O‘rda dahasida joylashgan binoda o‘tkazilardi. Dasrdan so‘ng avtobuslarda kolonna bo‘lib maktabimiz yotoqxonasiga qaytardik. Qarangki, ushbu dargohni bitirganimizga ham ellik yil bo‘libdi”, - deydi ichki ishlar organi faxriysi Ismatillo Yakubov.
Sobiq bitiruvchilar akademiyaning yangi qiyofasi, ko‘rkam o‘quv binolarini ko‘zdan kechirib, tinglovchi va kursantlar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar bilan birma-bir tanishdilar. Yoshlik onlarini yodga olib, ta’lim-tarbiya bergan ustozlari va marhum safdoshlarini xotirladilar.
Tadbir so‘nggida mehmonlarga akademiyadagi yangilanishlarga oid videorolik namoyish etildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati