Intellektual o‘yin poytaxtimizdagi “Zakovat arena”da Ichki ishlar xodimlari kuni munosabati bilan uyushtirildi.
Yoshlar ishlari agentligi va Yoshlar ittifoqi Toshkent shahar hududiy kengashi bilan hamkorlikda tashkil qilingan bellashuvda Ichki ishlar vazirligi akademiyasida ta’lim olayotgan kursantlardan iborat 103 ta jamoa qatnashdi.
Tadbir avvalida “Zakovat” intellektual klubi prezidenti Abdurasul Abdullayev so‘zga chiqib, jamoalarni qizg‘in qutladi. Yurtimizda kitobxonlikni ommalashtirish, ilm-ma’rifatli yoshlar safini kengaytirish maqsadida tashkil qilingan loyida nafaqat mamlakatimiz, balki qo‘shni davlatlarda ham ommalashib borayotganini e’tirof etdi.
Bilim, tafakkur va intellektual salohiyatni toblagan o‘yin davomida ishtirokchilarga 24 ta savol yo‘llandi. Jamoalar har bir savolga aniq va to‘g‘ri javob berishga, musobaqa g‘olibi bo‘lishga intildilar.
Qiziqarli bahslarga boy o‘tgan o‘yin yakunida 3-bosqich kursantlarining “Iqtidorli yuristlar” jamoasi eng ko‘p ochko to‘plab, akademiya boshlig‘i kubogi, diplom, “Bilimdon” stol o‘yini hamda esladik sovg‘a bilan taqdirlandi. Shuningdek, eng faol jamoalar va kursantlar tadbir tashkilotchilari tomonidan munosib rag‘batlantirildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati