Ichki ishlar vazirligi akademiyasi mezbonlik qilgan “Zakovat” intelektual o‘yinlari bilimdon o‘quvchilar uchun sinov maydoni bo‘ldi.
O‘yinlarning saralash bosqichida IIV qoshidagi akademik litseylar hamda Nukus “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi o‘quvchilaridan iborat jami 15 ta jamoa ishtirok etdi. Har bir jamoada olti nafardan bilimdon o‘zi ta’lim olayotgan o‘quv maskani sharafini himoya qildi.
Yarim final bahslariga jami 6 ta jamoa yetib kelgan bo‘lsa, hal qiluvchi o‘yin Surxondaryo, Sirdaryo va Namangan akademik litseylari o‘quvchilari o‘rtasida kechdi. Qiziqarli ruhda o‘tgan finalda sirdaryolik o‘g‘il-qizlar mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritdilar. Ikkinchi o‘rin Namangan akademik litseyi va faxrli uchinchi o‘rin Surxondaryo akademik litseyi o‘quvchilariga nasib qildi.
Taqdirlash marosimida Akademiya boshlig‘ining ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha o‘rinbosari, podpolkovnik H.Davronov so‘z olib, mustaqil fikrlaydigan, zukko va keng dunyoqarashga ega bo‘lgan o‘g‘il-qizlarni tarbiyalash borasidagi ishlar davlat siyosatining eng muhim va ustuvor yo‘nalishi ekanligini ta’kidladi.
Sovrindorlar qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati