Avvalroq, IIV akademiyasi kunduzgi ta’lim shaklining “raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyati” yo‘nalishiga qo‘shimcha tanlov e’lon qilingan edi.
Shu kunlarda mazkur yo‘nalishda o‘qish istagini bildirgan abituriyentlar uchun kirish imtihonlari bo‘lib o‘tmoqda. Unda respublikamizning turli hududlaridan kelgan 2 ming nafarga yaqin nomzod qatnashmoqda.
Imtihonlar maxsus kasbiy tanlov va yakka tartibdagi yakuniy suhbatdan iborat ikki bosqichda o‘tkazilmoqda. Nomzodlar tibbiy ko‘rikdan ijobiy xulosa olgandan so‘ng matematika, informatika, axborot texnologiyalari fanlaridan sinov topshirmoqda. Dastlabki bosqichda yetarli ballarni to‘plagan yoshlarga yakka tartibdagi yakuniy suhbatda qatnishish imkoni berilmoqda. Shu o‘rinda abituriyentlarning vaqtincha yashashi, ovqatlanishi, imtihonlarga tayyorlanishi uchun yaratilgan qulay sharoitlarni ham aytib o‘tish joiz.
Eslatib o‘tamiz: matematika, informatika, dasturlash va axborot texnologiyalari bo‘yicha nufuzli xalqaro, mintaqaviy hamda respublika olimpiadalari sovrindorlari O‘zbekiston Respublikasi ta’lim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasining qaroriga ko‘ra belgilangan qabul kvotalari doirasida, maxsus kasbiy tanlov va yakka tartibdagi yakuniy suhbatsiz o‘qishga qabul qilinadi. Faqat buning uchun har bir nomzod hududlarda bo‘lib o‘tadigan dastlabki tanlov (nomzodni o‘rganish va sog‘ligi jihatdan o‘qishga yaroqliligini aniqlash)dan ijobiy o‘tishi lozim.
Kirish imtihonlari davom etmoqda.
IIV akademiyasi Axborot xizmati