18-may kuni Belarus Respublikasi IIV Akademiyasida o‘tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda jinoyatchilikka qarshi kurashish amaliyotida yuzaga kelayotgan muammolar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun kadrlar tayyorlashning dolzarb jihatlari, bu boradagi ustuvor masalalar muhokama qilindi.
Unda Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston, Ozarbayjon, Belarus Respublikalarining turdosh oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-amaliy tadqiqot markazlari qatori, O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi va Jamoat xavfsizligi universiteti vakillari ishtirok etdi.
Anjuman avvalida Belarus Respublikasi IIV Akademiyasi boshlig‘i A. Vasilyev, Rossiya Federatsiyasi IIV Moskva universiteti boshlig‘i I. Kolinichenko, O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi boshlig‘i o‘rinbosari R. Nigmatov va boshqalarning fikr-mulohazalari tinglandi. Shundan so‘ng asosiy ma’ruzalarga o‘tilib, xorijlik va mahalliy mutaxassislar tomonidan bir qator taklif hamda tavsiyalar bildirildi.
Konferensiya doirasida delegatsiyalar o‘rtasida muzokaralar ham bo‘lib o‘tdi. Ikki tomonlama uchrashuvlarda ta’lim integratsiyasini kuchaytirish va istiqbolli hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi. Bundan tashqari, konferensiya qatnashchilari Belarus Respublikasi IIV Ichki qo‘shinlariga qarashli harbiy qism, “Qoplon” harbiy-vatanparvarlik klubida bo‘lib, o‘quv muassasasining 65 yilligiga bag‘ishlangan dasturda ishtirok etdilar.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati