Yurtimizda Qurolli Kuchlarimiz tashkil topganining 33 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni keng nishonlanmoqda.
Bayram munosabati bilan Ichki ishlar vazirligi akademiyasida Harbiy tayyorgarlik kafedrasi o‘quv binosi foydalanishga topshirildi. Tadbirda akademiya rahbariyati, professor-o‘qituvchilar hamda faxriylar ishtirok etdi.
Ta’lim muassasasi rahbari Rustam Xatamov yig‘ilganlarni shonli sana bilan qutlab, bugungi islohotlar, mamlakatimiz erishayotgan yutuqlar, xalqimizning tinch-osuda hayoti va turmush farovonligi zamirida “Inson qadri uchun” degan ezgu g‘oya mujassam ekanini e’tirof etdi.
– Muhtaram Prezidentimiz har bir inson islohotlar samarasini amalda sezishi kerakligini alohida ta’kidlab keladilar. Keyingi yillarda akademiyamiz hayotida ham tub yangilanishlar ro‘y berdi. O‘quv binolari kapital ta’mirlanib, ta’limning ilg‘or yondashuvlari joriy qilindi. Professor-o‘qituvchilarimiz uchun zamonaviy shart-sharoitlar yaratildi. Bu o‘zgarishlar barchamizni yuqori malakali kadrlar tayyorlash vazifalarini sidqidildan bajarishga undashi kerak. Zero, ta’limga kiritilgan sarmoya kelajakka xizmat qiladi, – dedi o‘quv dargohi rahbari.
Akademiya boshlig‘i kapital ta’mirlangan xonalar bilan tanishar ekan, hozirgi murakkab sharoitda yoshlarning kasbiy salohiyati va harbiy-vatanparvarlik ruhini yuksaltirish dolzarb ahamiyat kasb etayotgani, professor-o‘qituvchilar o‘z ustida tinimsiz ishlashi barobarida, har bir mashg‘ulotni eng ilg‘or tajribalar asosida tashkil etishi zarurligini aytdi.
Tadbirda kafedra boshlig‘i D. Alouddinov, faxriylar kengashi raisi D. Yusubov so‘zga chiqib, zamonaviy va shinam maskan professor-o‘qituvchilar uchun bayramga munosib tuhfa bo‘lganini e’tirof etishdi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati