Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

BAYRAM TADBIRI MUNOSIB NISHONLANDI

30 Oktyabr 2024, 05:10

203

Har bir kasbning muvaffaqiyati bilan birga, mashaqqati ham bo‘ladi. Ammo ichki ishlar organlarida xizmat qilishning o‘ziga yarasha mas’uliyati bor.

Kasb bayrami munosabati bilan IIV akademiyasida bo‘lib o‘tgan tadbirda el-yurt tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida xizmat qilayotgan xodimlarning sharafli mehnatlari e’tirof etildi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasining davlat madhiyasi bilan boshlandi. Akademiya boshlig‘i yig‘ilganlarni bayram bilan tabriklar ekan, bugungi osuda va farovon kunlarimiz shunchaki qo‘lga kiritilmagani, buning ortida barcha huquqni muhofaza qiluvchi idoralar qatori ichki ishlar organlari xodimlarining ham ulkan hissasi borligini alohida ta’kidladi.

“Oramizda o‘tirgan faxriylarimiz mustaqillik yillari xalqimiz boshiga tushgan tahlikali voqealarni yaxshi eslaydi. O‘sha kunlarda ichki ishlar xodimlari birinchilar qatori jamoat tartibini saqlashga, fuqarolarimizning tinchligi va hayotini himoya qilishga safarbar qilingan. Afsuski, bu yo‘lda ko‘plab jasur xodimlarimiz qahramonlarcha halok bo‘ldi. Bularni yodga olganimiz bejiz emas, chunki o‘sib kelayotgan yosh avlod ona Vatanimiz uchun jonidan kechgan o‘g‘lonlarning jasoratini bilishi, ular kabi mard, burchga sadoqatli, vatanparvar bo‘lishi kerak”, – dedi o‘quv dargohi boshlig‘i Rustam Xatamov.

Tadbirda ichki ishlar organlari tizimidagi o‘zgarishlar, keyingi yillar muhtaram Prezidentimiz rahbarligida xalq manfaatlariga xizmat qiladigan chinakam xalqchil tuzilmani shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, soha xodimlariga qo‘yilayotgan zamonaviy talab va mezonlar, ichki ishlar organlari uchun professional kadrlar tayyorlashga qaratilgan ustuvor vazifalar aytib o‘tildi.

“Davlatimiz rahbari soha xodimlariga yo‘llagan bayram tabrigida ichki ishlar tizimidagi o‘zgarishlarning amaliy natijasini xalqimiz o‘z kundalik hayotida sezishi shart, deb ta’kidlab o‘tdilar. Buning uchun har bir xodim aholining dardu tashvishi bilan yashashi, zimmasidagi vazifalarga vijdonan yondashishi, bir so‘z bilan aytganda, osoyishtalikni ta’minlash uchun sidqidildan xizmat qilishi lozim”, – dedi akademiya boshlig‘i.

Marosimda samarali xizmat faoliyati bilan namuna ko‘rsatayotgan bir guruh xodimlar vazirlikning idoraviy mukofotlari, maxsus unvonlar, shuningdek, esdalik sovg‘alari bilan tantanali ruhda taqdirlandi. Rag‘batlantirishga munosib ko‘rilganlar akademiya boshlig‘idan o‘z mukofotlarini qabul qilib oldi. Bayram tadbiri akademiya badiiy havaskorlik jamoalarining konsert dasturi bilan davom etdi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech