31-iyul kuni Bangladesh Xalq Respublikasi Milliy mudofaa kolleji vakillari IIV Akademiyasi faoliyati bilan tanishdilar.
Uchrashuv chog‘ida mehmonlarga ichki ishlar organlari uchun kadrlar tayyorlash tizimi haqida ma’lumot berildi. Zamonaviy ta’lim jarayonlari, interfaol mashg‘ulotlar o‘tkazishga mo‘ljallangan o‘quv majmualari, kasbiy tayyorgarlikni oshirishga qaratilgan ishlar, shuningdek Akademiyaning xalqaro hamkorlik aloqalari delegatsiya vakillarida yorqin taassurot qoldirdi.
Milliy mudofaa kolleji vakillari Akademiya tarixi muzeyi, “Vatanparvarlik” burchagi, “Buyuk sohibqiron Amir Temur” va “Turon qoploni Jaloliddin Manguberdi” xonalarini ko‘zdan kechirish jarayonida yoshlarning kasbiy fazilatlarini yuksaltirishga qaratilgan o‘ziga xos yondashuvlarga yuqori baho berishdi.
Ikki tomonlama muloqot davomida faol hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, manfaatli yo‘nalishlarda o‘zaro tajriba almashish, ta’limga raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish, bu borada ilg‘or tajribalarni ommalashtirish va boshqa istiqbolli yo‘nalishlar yuzasidan qizg‘in fikr almashildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati