Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

AZIZU MUKARRAM AYOLLAR

07 Mart 2023, 07:03

660

Yurtimiz xotin-qizlari bugun har jabhada faol. Ularning  tashabbus va intilishi, fidokorona mehnati yangilanayotgan jamiyatimizda tobora muhim ahamiyat kasb etib bormoqda. Bu ham davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik samarasi, albatta.  

IIV Akademiyasida Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Soha faxriylari, ustozu murabbiylar, el-yurt osoyishtaligi yo‘lida xizmat qilayotgan xodima ayollar ishtirok etgan tadbir avvalida o‘quv dargohi rahbari Rustam Xatamov yig‘ilganlarni qizg‘in muborakbod etdi.

– Barchangizni yurtimizning eng go‘zal ayomi bilan samimiy tabriklayman. Xalqimiz azal-azaldan mo‘tabar Ona siymosida xotin-qizlarni yuksak darajada e’zozlab keladi. Ming yillardan buyon sayqallanib kelayotgan ibratli amal ma’naviy hayotimizning gultojiga aylangan. Siz muhtaram opa-singillarimiz tufayli hayotimiz fayzli, xonadonimiz obod, yurtimiz farovondir, – dedi Akademiya rahbari.

E’tirof etilganidek, xotin-qizlar masalasi nafaqat bugungi kunimiz, balki ertangi kelajagimizni belgilab beradigan hal qiluvchi omildir. “Inson qadri ulug‘” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar xalqimizni rozi qilish barobarida, jamiyatimiz ko‘rki va tayanchi bo‘lgan ayollarning huquq va manfaatlarini ta’minlashga yo‘naltirilgan. Bu yo‘ldagi ezgu sa’y-harakatlar ichki ishlar organlari tizimida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Bayram tadbirida bir guruh xodimalar Ichki ishlar vazirligining ko‘krak nishonlari, faxriy yorliq va esdalik qo‘l soati bilan taqdirlandi. Akademiya boshlig‘i mukofotlarni o‘z egalariga tantanali ravishda topshirdi.

– Ichki ishlar organlarida xizmat qilish ham sharafli, ham mas’uliyatli. Ona Vatanimiz ravnaqiga hissa qo‘shayotgan hamkasblarim safida kamtarona mehnatlarimning alohida e’tirof etilgani qalbimga cheksiz quvonch bag‘ishladi, – dedi birinchi darajali “Ichki ishlar organlarida benuqson xizmatlari uchun” ko‘krak nishoni sohibi, podpolkovnik Darmonjon Avezova.

Tantanali kecha taniqli san’atkorlar va badiiy havaskorlik jamoalari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi bilan davom etdi.

 

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

 

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech