Ta’lim jarayoniga tatbiq qilingan zamonaviy yondashuvlar ichki ishlar organlari uchun yetuk bilim va amaliy ko‘nikmaga ega kadrlar tayyorlashda muhim omil bo‘lmoqda.
Ichki ishlar vazirligi akademiyasining kunduzgi ta’lim bakalavriat yo‘nalishi birinchi bosqichida tahsil olayotgan kursantlar uchun o‘tkazilgan mashg‘ulot huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimidagi islohotlarga bag‘ishlandi.
Kursantlarning ixtisoslik yo‘nalishi bo‘yicha nazariy bilimlarini mustahkamlash, amaliyotga joriy etilgan mexanizmlar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida tashkil etilgan tadbirda IIV Jamoat xavfsizligi departamenti – huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati bo‘lim boshlig‘i, podpolkovnik Bahridin Sultonov yoshlar bilan muloqot qildi. Sohaning barcha bo‘g‘inlarida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, aholi bilan manzilli ishlash, ularni qiynayotgan muammolarni “mahallabay”, “xonadonbay”, “fuqarobay” tizim orqali hal etishga qaratilgan profilaktik chora-tadbirlar samaradorligini oshirish omillari xususida fikr-mulohazalar bildirildi.
Ochiq muloqotda Akademiya boshlig‘i yordamchisi, polkovnik Ismoil Himmatov ta’lim jarayonida qo‘llanilayotgan modulli o‘qitish tizimining afzalliklari haqida to‘xtalib, puxta bilim va amaliy ko‘nikmalarni egallash borasida yoshlarga zarur tavsiyalar berdi. Kursantlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati