IIV Akademiyasining Tashkiliy-shtab faoliyati ixtisoslik kafedrasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbirda ichki ishlar organlarining mazkur yo‘nalishdagi faoliyatini takomillashtirish masalalari haqida fikr almashildi.
Davra suhbatida Ichki ishlar vazirligining Tashkiliy departamenti boshqarma boshlig‘i, podpolkovnik M.Badalbayev, Navbatchilik boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik D.Sattorov, poytaxtning Yunusobod tumani IIO FMB boshlig‘i, polkovnik A. Shermuxamedov, Akademiyaning Tashkiliy-shtab faoliyati kafedrasi boshlig‘i, polkovnik O.Matchanov va boshqalar so‘zga chiqdi. O‘zbekiston Respublikasining “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonuni, shuningdek “Ichki ishlar organlari boshqaruv, nazorat va shaxsiy tarkib bilan ishlashning samarali tizimini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi davlatimiz rahbari qaroriga asosan sohada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, xususan, boshqaruv, nazorat, tahlil, yuridik ta’minlash, ish yuritish hamda murojaatlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish borasida aytilgan mulohazalar Akademiyada “tashkiliy-shtab faoliyati” ixtisosligi bo‘yicha ta’lim olayotgan kursantlarning ko‘plab savollariga yechim topdi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati